Lirika

Lirika (lira) — badiiy adabiyotdagi 3 asosiy adabiy tur (epos, drama, lirika)ning biri. Lirikada mavjud ob’yektiv voqelikdan ko’ra ijodkor shaxsining his-tuyg’ulari, qalb kechinmalari, lirik qahramonning ichki dunyosi birinchi o’rinda turadi. Barcha ifoda shoirning «men»i orqali o’tadi. Lirikada, eposdan farqli o’laroq, muayyan epik syujet bo’lmaydi. Dramatik turdan ajralib turadigan jihati esa, Lirikada sub’yektivlik kuchli. Ayni paytda Lirika emotsionalligi, o’quvchi qalbini hayajonga solishi bilan farqlanadi. Lirik asarda sub’yekt va ob’yekt bir shaxsda mujassam topadi, undagi Markaziy «personaj» ijodkorning o’zi, yanada aniqrog’i, uning ichki ma’naviy-ruhiy olami sanaladi. Lirika ijtimoiy, madaniy, maishiy, ishqiy mavzularni qamrab olishi va juda katta ijtimoiy, estetik mohiyat kasb etishi ham mumkin. Biroq bunda ham, baribir, lirik asar o’zagida individual shaxs kechinmalari, his-tuyg’ulari yetakchilik qiladi. O’quvchini o’zligiga, o’z ma’naviy- ruhiy dunyosiga nazar solishga undaydi. Lirika qadimda xalq og’zaki ijodi tarkibida mavjud bo’lib, ma’lum bir mavsum, fasl yoki urf-odatlarga bag’ishlab aytilgan. Lirika G’arbda Qadimgi Yunoniston va Rim shoirlari ijodida, Sharqda Xitoy, fors va o’zbek shoirlari ijodida asosiy o’rinni egalladi. Umar Xayyom, Sa’diy Sheroziy, Atoiy, Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiylar lirik shoir sifatida shuhrat topdilar. Alisher Navoiydan so’ng Bobur, Ogahiy, Furqatdek shoirlar o’zbek mumtoz Lirikasi xazinasiga munosib hissa ko’shdilar. G’arb Uyg’onish davri vakillari Petrarka (Italiya), Vilyam Shekspir (Angliya), so’ngra 18-19-asrlarda I.V. Gyote (Germaniya), J. Bayron (Angliya), A. S. Pushkin (Rossiya) kabi shoirlar Lirika sohasida samarali ijod qildilar. 20-asrda Lirika shakl va mazmun-mohiyati jihatidan boyidi. Pablo Neruda (Chili), Nozim Hikmat (Turkiya), Garsiya Lorka (Ispaniya), A. Blok (Rossiya) singari shoirlar ijodi ko’pchilikning e’tiborini qozondi. 20-asr o’zbek adabiyotida esa badiiy-estetik tamoyillarning yangilanishida Lirika muhim rol o’ynadi. Cho’lpon, Oybek, G’afur G’ulom, Hamid Olimjon, Usmon Nosir, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Halima Xudoyberdiyeva, Omon Matjon, Shavkat Rahmon, Usmon Azim she’rlarida O’zbekona lirik tafakkur imkoniyatlarining rang-barangligi aks etdi. Lirika jahon adabiyotida o’zining ichki janrlariga ko’ra turli hajmiy ko’rinishga ega bo’lgan va yuksak musiqiylik kasb etgan. Lirikadagi musiqiylik, ohangdorlik barcha zamonlarda bosh xususiyat sanalgan. 20-asr dunyo adabiyotida va, qisman, o’zbek adabiyotida nisbatan musiqiylikdan xoli lirik asarlar ham bitildi: ularni musiqa asbobi bilan ijro etish qiyin. Biroq bu turdagi modern Lirikada shoirning qalb ohangi, ijodkor uslubiga, janr pafosiga xos ichki — sirli musiqadorlik mavjud. Lirikadagi xarakter ham, konflikt ham sub’yekt iste’dodi, mahoratidan kelib chiqadi. Xususan, Lirikada konflikt so’zlarda, misralarda, tasviriy ifodada yaqqol aks etadi. Lirikada badiiy tasvir vositalari (lafziy va ma’naviy san’atlar) keng qo’llanadi. Poetik «men» va biografik «men» Lirikaning odatiy, o’zaro ajralmas unsure sanaladi. Ammo har qanday biografik ma’lumot poetik matn ichida o’z mazmun- mohiyatini o’zgartirib, ijtimoiy-madaniy yoki ma’naviy-estetik mohiyat kasb etishi mumkin. Adabiyotshunos olimlarning shoir Abdulhamid Cho’lpon qalamiga mansub «Aldanish» sarlavhali she’rini turlicha talkin etishlari buning isbotidir. Lirik asar aksar holatlarda har qanday insonga tushunarli, uning dardiga, zavqiga mos bo’ladi. Ammo jahon adabiyotida «san’at san’at uchun» qoidasiga muvofiq ravishda «sof san’at», «sof Lirika» tushunchalari ham vujudga kelgan. «Sof Lirika» xususiyati shuki, bunda «men» sof san’at tili, ramzlar tili orqali yuksak badiiy-estetik maqomda ifoda etiladi. Shoir o’zi uchun yozadi; o’quvchini ko’zlamaydi; individual ruhiy holat misralarga ko’chadi. Adabiyotshunoslar Lirikani mavzusiga qarab shartli ravishda ishq-muhabbat, falsafiy, peyzaj, publisistik va boshqa Lirikalarga ajratadilar. Shuningdek, Lirika g’azal, ruboiy, tuyuq, muxammas, qasida, marsiya, sonet singari ko’plab adabiy janrlarga bo’linib ketadi. Ayni chog’da, Lirikani davr e’tibori bilan mumtoz Lirika va zamonaviy Lirika tarzida tasniflash ham mumkin. Ad.: Adabiy turlar va janrlar [3 j.li], 2-j., Lirika, T., 1992. Bahodir Karimov.