Lohur

Lohur — Pokistonning shimoliy- Sharqiy qismidagi shahar. Ravi daryosining chap sohilida. Panjob viloyatining ma’muriy va iqtisodiy markazi. Kattaligi va iqtisodiy mavqei jihatidan mamlakatda Karochi shahridan keyin 2-o’rinda. Aholisi 5,1 million kishi (1998). Lohur milod boshlarida bunyod etilgan. 10-asrda hind rojaligining markazi. 11-asr boshida Mahmud G’aznaviy hukmronligi ostiga o’tgan. 1099-1114 va 1153-86 yillarda G’aznaviylar davlatining poytaxti bo’lgan. 1240 yilda mo’g’ullar, 1342 va 1398 yillarda xoxorlar, 1398 yilda Amir Temur askarlari egallagan. Dehli sultonligi va Boburiylar saltanatida Panjob noibligining markazi. 16-17-asrlarda boburiylarning muvaqqat qarorgohi, 18-asrda Nodirshoh va Ahmadshoh Durroniy qo’l ostida bo’lgan. 1799-1849 yillarda sekxlar davlati, 1849-1947 yillarda ingliz mustamlakachilariga tobe bo’lgan. 1947-55 yillarda Panjob provintsiyasining, 1955-70 yillarda Lohur viloyati va G’arbiy Pokistonning, 1970 yil iyuldan Panjob viloyatining ma’muriy markazi. Lohur — transport yo’llarining muhim tuguni. Aeroporta xalqaro ahamiyatga ega. Pokistonning savdo-moliya va diniy markazi. Lohur va unga yo’ldosh shaharlarda to’qimachilik (ip va jun gazlamalar, shoyi), oziq-ovqat, rezina-texnika, ko’n-poyabzal, metallurgiya, metallsozlik va mashinasozlik (qishloq xo’jalik mashinalari, transport jihozlari, nasoslar va elektrotexnika buyumlari ishlab chiqarish), oyna-shisha korxonalari, temir yo’l ustaxonalari, issiqlik elektr stansiyasi, gugurt fabrikasi mavjud. Lohur — hunarmandchilik (oltin va kumush buyumlar tayyorlash, gilam to’qish, kashtachilik va naqqoshlik)ning qadimgi markazi. Panjob universiteti (1882 yildan), muhandislik-texnologiya universiteti, san’at milliy kolleji, Markaziy muzey, san’at va savdo muzeyi, texnologiya muzeyi, Lohur qal’asi muzeyi (Boburiylar davriga oid) va boshqa muzeylar, shahar chetida Shalimor bog’i, Jaqongir maqbarasi (1626) bor. Lohurda me’moriy yodgorliklardan qal’a (1570), Jahongir saroyi (1617), Marvarid masjid (1645), Vazirxon masjidi (1634), Oltin masjid (1753), universitet binosi va boshqalar saqlangan.