Luiziana
Luiziana — AQShning Janubdagi shtat. Meksika qo’ltig’i sohilida. Maydoni 123,6 ming km2. Aholisi 4,46 million kishi (2001), yarmidan ko’prog’i shaharlarda yashaydi. Ma’muriy markazi — Baton- Ruj shahri. Eng katta shahri va yirik dengiz porti — yangi Orlean. Transport yo’llari yaxshi rivojlangan. Luiziananing sohil qismi botqoqli pasttekislik, shimoliy-g’arbiy qismi sertepa (eng baland joyi 163 metr). Iqlimi subtropik, sernam iqlim. O’rtacha oylik temperatura 12° dan 27,5°gacha. Yiliga 1100 — 1500 yog’in yog’adi. Qarag’ay o’rmonlari bor. Luiziana — industrial-agrar shtat. Konchilik sanoati rivojlangan. Luiziana AQShda qazib olinadigan neft va tabiiy gazning katta qismini beradi. Neftni qayta ishlash, kimyo, alyuminiy, neft-kimyo sanoatlari rivojlangan. Yog’ochsozlik, qog’oz, oziq-ovqat, kemasozlik va kema ta’mirlash, metallsozlik, harbiy sanoat korxonalari, tayyor qismlardan avtomobil yig’ish zavodi bor. Qishloq xo’jaligida tovar mahsulotining yarmidan ko’pi dehqonchilikdan olinadi. Asosiy ekinlari: sholi, paxta, shakarqamish. Qoramol, cho’chqa boqiladi. Baliq ovlanadi. Luiziana shtati 1812 yilda tuzilgan.