Madaniy qatlam

Madaniy qatlam (arxeologiyada) — inson faoliyatining izlari (qadimgi inshootlar, qurilish va xo’jalik chiqindilari, kul va hokazolar) saqlangan yer qatlami. Qalinligi bir necha santimetrdan bir necha 10 metrgacha bo’lishi mumkin. Madaniy qatlam o’tmishimizning g’or va ungurlarda, dare va ko’l bo’ylarida qad ko’targan makon va manzilgohlarda hosil bo’lgan madaniy qoldiqlarning jamiyat taraqqiyoti bilan bog’liq holda davrma davr, ustma-ust joylashishini ifodalaydi. Odatda, arxeologik yodgorliklar bir yoki bir necha Madaniy qatlamli bo’lib, ularning joylashishi, gorizontlarga bo’linishi, ularda uchraydigan arxeologik topilmalarning xususiyati va davriyligiga qarab, ularning nisbiy va mutlaq yoshi aniqlanadi. Odamlar ma’lum joyda muayyan davrdagina yashasa bir Madaniy qatlamli yodgorlik hosil bo’ladi. Bir joyda davom etgan uzluksiz hayot esa ko’p Madaniy qatlamli yodgorliklarni vujudga keltiradi (masalan, Afrosiyob, Qanqa, Buxoro, Yerqo’rg’on va boshqalar). Madaniy qatlam kishilar faoliyatining qoldiqlarini o’rganish va shu qarorgohning tarixini tiklash maqsadida qaziladi. Ad.:Garden J. K., Teoreticheskaya arxeologiya, M., 1983; Dikshit S. K., Vvedenie v arxeologiyu, M., 1960.