Madovtepa

Madovtepa — so’nggi jez va ilk temir davriga oid arxeologik yodgorlik (miloddan avvalgi 2-ming yillikning oxiri — 1-ming yillik boshlari). Turkmanistonning Misriyon vohasidagi Madov shahri xarobasi yaqinida. Madovtepada 1930 yilda M. E. Masson, keyinroq A. A. Marushenko arxeologik tadqiqot ishlari olib borgan. 1947, 1951-53 yillarda M. E. Masson rahbarligidagi otryad yodgorlikda statsionar va stratigrafik qazishmalar o’tkazib, uni bir necha qurilish bosqichlaridan iborat yoshini aniqlagan. Qazish jarayonida uy-joy qoldiklari va turli xil arxeologik materillar topilgan. Topilmalar, asosan, naqshsiz kulrang sopol idishlar (tog’ora, ko’zacha, 1 va 2 quloqli ko’zalar, jo’mrakli kosa, kosasimon idishlar), jez shamshir, jez paykon va boshqalardan iborat. Madovtepa aholisining xo’jaligini, asosan, sug’orma dehqonchilik va xonaki chorvachilik tashkil etgan.