Madrasa

Madrasa (arabcha-dars o’rganadigan joy)-musulmonlarning o’rta va oliy o’quv yurti. Ulamolar va maktabdorlar, Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlarida davlat organlari xizmatchilarini ham tayyorlaydi. VII-VIII asrlarda islom dini ulamolari musulmon ilohiyoti masalalarini sharhlab berib turadigan markaz sifatida arab davlatlarida paydo bo’lgan. IX-XIII asrlarda islom diniga e’tiqod qilinadigan mamlakatlarda, jumladan, O’rta Osiyoda tarqaldi. Madrasaga maktabxonani tugatganlar qabul qilingan. Talabalar yoshi 10 dan 40 yoshgacha bo’lgan. Ular Madrasa hujralarida yashash huquqiga ega bo’lgan kunduzgi bo’lim va darslarga erkin qatnovchi sirtqi bo’lim talabalari toifalariga ajratilgan. Madrasa o’quv dasturining umumiy jihatlari X-XII asrlarda ishlab chiqilgan va keyinchalik takomillashib borgan. Madrasada o’qish talabalar iqtidoriga qarab 7-12 yil davom etgan. Madrasada arab tili, islom dini, mantiq, musulmon qonunshunosligi, boshlang’ich arifmetika, geometriya, geografiya, astronomiya va tibbiyotdan ta’lim beriladi. Madrasa muayyan me’moriy uslubda qurilgan maxsus binolarga joylashgan, unda darsxoanlar, talaba-mullavachchalar yashaydigan hujralar, xo’jalik binolari bo’ladi. Buxoroda Mir Arab, Samarqandda Ulug’bek, Sherdor, Tillakori, Toshkentda Ko’kaldosh va Baroqxon madrasalari o’z zamonida mashhur bo’lib, hamon arxitektura yodgorliklari sifatida saqlanmoqda.