Magniyorganik birikmalar
Magniyorganik birikmalar — uglerod — magniy bog’i bo’lgan birikmalar. Umumiy formulasi R2Mg yoki RMgX (X — galogen). Magniyorganik birikmalarni simobdi-alkillarning magniy bilan o’rin almashinish reaktsiyasi yordamida olish mumkin: (CH3)2Hg+Mg-«(CH3)2Mg+Hg Xuddi shu usul bilan dimetil-, dietil-va difenilmagniylar olingan. Ular efirlarda erib, efiratlar hosil qiladi. Bu birikmalar kislorod, karbonat angidrid, suv bilan faol reaktsiyaga kirishadi. Havoda o’z-o’zidan alangalanadi. Shuning uchun magniydialkillar amalda deyarli ishlatilmaydi. P. Barbe va V. Grinyanlar tomonidan amalda ilk bor qo’llangan aralash Magniyorganik birikmalar (RMgX) organik kimyoning taraqqiyotida muhim rol o’ynaydi. Magniyorganik birikmalar sanoatda ba’zi metall organik birikmalarni, xushbo’y va dori moddalarini sintez qilishda ishlatiladi.