Manbashunoslik
Manbashunoslik (arabcha, forscha)-tarixiy manbalarni izlab topish, qayd etish, to’plash, o’rganish va qo’llanish nazariyasi va amaliy usullari haqidagi fan. Manbashunoslik-tarixshunoslikda yordamchi fan sohalari qatorida yetakchi o’rinda turuvchi alohida ilmiy soha. Manbashunoslikning bevosita tadqiqoti yozma manbalar ustida bo’lsa-da, ammo uning asosiy ilmiy va amaliy uslubiyati tarixiy qadriyatlarning barcha turlarini o’rganishda hamda tanqidiy tahlil etishda qo’llaniladi. Manbashunoslik ikkiga-amaliy va nazariy Manbashunoslikka bo’linadi. Amaliy Manbashunoslik tarixning ayrim soha va yo’nalishlari hamda davr bosqichlari bilan shug’ullanib, izlab topilgan tarixiy manbalarni arxiv, muzey, kutubxonalarning maxsus xazinalarida to’plash, qayd etish, saqlash, ta’mirlash va ta’riflash kabi ishlarni amalga oshiradi. Nazariy Manbashunoslik tarixiy manbalarning yaratilishi va ularda tarixiy voqeliklarning rivojlanish jarayonlarini aks ettirish tartibi, usullari, axborotlarning tarkibi hamda joylashish xususiyatlarini tadqiq etadi.