MANSABDOR SHAXS
MANSABDOR SHAXS — davlat organlarida, mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlarida, davlat, munisipal muassasalarida, shuningdek, Qurolli Kuchlarda, boshqa qo’shinlar va harbiy tuzilmalarda hokimiyat vakili vazifalarini doimiy, vaqtincha yoki maxsus vakolat bo’yicha amalga oshiruvchi yoxud tashkiliy-boshqaruvchilik, ma’muriy-xo’jalik vazifalarini bajaruvchi shaxs. Bunday shaxs O’zbekiston Respublikasi jinoyat huquqida mansabdorlik jinoyatlarining subyekti hisoblanadi. Mansabdor shaxslar qonunda mansabdor va mas’ul Mansabdor shaxslarga ajratilgan. Mas’ul Mansabdor shaxslarga hokimiyat vakillari; davlat korxonasi, muassasasi yoki tashkilotlarida saylash yoki tayinlash bo’yicha doimiy yoxud vaqtincha tashkiliy-boshqaruv yoxud ma’muriy-xo’jalik vazifalarini bajarish bilan bog’liq lavozimlarni egallab turgan va yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etishga vakolat berilgan shaxslar; mulkchilikning boshqa shakllaridagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari, davlat boshqaruvi yuzasidan belgilangan tartibda hokimiyat vakolati berilgan jamoatchilik vakillari; tashkiliy-boshqaruv yoxud ma’muriy-xo’jalik vazifalarini fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarida bajarish bilan bog’liq mansablarni egallovchi shaxslar kiradi.