Mastaba

Mastaba (arabcha-tosh o’rindiq)-Qadimgi Misr maqbaralari nomi. Dastlabki Mastaba qoldiqlari miloddan avvalgi 3000-2800 yillikka oid (Misr). Bu Mastabalar uyga o’xshatib g’isht bilan qoplangan qumtepalardan iborat. Ularning yonlariga ibodat qilinadigan maxsus xona hamda dafn anjomlari qo’yiladigan yerto’la ham qurilgan. Keyinchalik Mastabalar faqat toshdan qurilgan. Ularda ibodat qilinadigan hamda marhumning xona devoriga diniy va maishiy mavzularda rasmlar o’yib ishlangan. Qadimgi Misrdagi I va II sulola davrida Mastabalar fir’avlar maqbarasi vazifasini o’tadi. III sulola davridan Mastabalar o’rniga fir’avnlar o’zlari uchun ehrom (piramida)lar qurdira boshladilar. Zodagonlar shu ehromlar yoniga o’zlari va yaqinlari uchun Mastabalar qurdirgan. Bunday ehrom va Mastabalar majmuasi Misrda ko’p (Giza, Sakkara, Medum, Peskum va boshqalar).