Mayev Nikolay Aleksandrovich
Mayev Nikolay Aleksandrovich (1835.21.2, Peterburg — 1896.2.1) -etnograf, geograf. O’zbekistonda ilmiy o’lkashunoslik ishlarining tashkilotchisi. 1870-92 yillarda «Turkestanskie vedomosti» gazetasiga muharrirlik qilgan. 1870 yildan Turkiston statistika komitetining kotibi. O’rta Osiyo ilmiy jamiyati tashkil etilgan (1871 yil 28 yanvar) dan boshlab uning faol ishtirokchisi va «Turkiston o’lkasining statistikasi uchun materiallar» to’plamining (1-5) muharriri. Turli ko’rgazmalar tashkilotchisi. O’lkashunoslik muzeyi (1876) tashkilotchilaridan. Mayev tarix, arxeologiya, etnografiya, numizmatika sohasida ko’p tadqiqotlar olib borgan, ekspeditsiyalar (Shahrisabz 1874; Hisor 1875, 1878)ga boshchilik qilgan. Asarlarida Toshkentning eski shahar qismi tarixi, etnografiyasi, aholisi va uning mashg’ulotlari, Buxoro xonligi shahar va qishloqlari, karvon yo’llari, moddiy madaniyat yodgorliklari, aholining turmushi, urf-odatlari va an’analari, mahalliy boshqaruv tizimi, hunarmandlik, savdo, geografik, tabiiy- tarixiy, arxeologiya va etnografiyaga oid ma’lumotlar keltiriladi. As.: Ocherki Buxarskogo xanstva, T., 1875; Aziatskiy Tashkent [Materiali dlya statistiki Turkestanskogo kraya], Spb., 1876.