Meksika universiteti

Meksika universiteti, Meksika milliy Muxtor universiteti — Meksikadagi eng yirik universitet. Mexiko shahrida joylashgan. Qirol Karl V farmoniga muvofiq, 1551 yil tashkil etilgan. 1929 yildan Meksika milliy Muxtor universiteti deb ataladi. Huquq, falsafa, tabiiy fanlar, tibbiyot, kimyo, muhandislik ishi, siyosiy va ijtimoiy fanlar va boshqa sohalar bo’yicha mutaxassislar tayyorlaydi. 330 mingga yaqin talaba ta’lim oladi. Markaziy kutubxonasi (1924 yil tashkil etilgan) da 2 millionga yaqin asar saqlanadi.