Melioratsiya

Melioratsiya (lotincha melioratsio — yaxshilash) — qishloq xo`jaligida foydalanaladigan yerlarning holatini tubdan yaxshilash maqsadida amalga oshiriladigan agrotexnik va gidrotexnik tadbirlar. Meliratsiya katta maydonlarda barcha tabiiy sharoitni odamning xo`jalik faoliyati uchun foydali qilib o`zgartirish; foydali o`simlik va hayvonlar uchun tuproqda qulay suv, havo, issiqlik hamda oziq rejimini, atmosferaning yerga yaqin qatlamida esa havoning namlik issiqlik va harakatlanish rejimini vujudga keltirish; joyni sog`lomlashtirish hamda tabiiy muhitni yaxshilash imkonini beradi. Melioratsiya qishloq xo`jaligi samaradorligini oshirishning asosiy omilidir. Asosiy meliorativ ishlar: botqoqliklarni quritish, suv havzalari qurish, qurg`oqchil yerlarni sug`orish, yaylov va o`tloqlarni yaxshilash, qorni tutib qolish, daraxtzorlar barpo qilish, kislotali yerlarni ohaklash, sho`rtob yerlarga gips solish, bo`tazorlar barpo qilish, ko`chma qumlarga, shamol va suv eroziyasiga qarshi kurashish (O`rta Osiyoda).