Mezolit
Mezolit (yunoncha mesos-o’rta, oraliq va litos)-o’rta tosh davri; paleolitdan neolitga o’tish davri (miloddan avvalgi 10-7-mingyillik). Geologik pleyspgotsendan hozirgi golotsenga o’tish davri. Inson hayotida katta o’zgarishlar sodir bo’lgan. Mezolitda o’q-yoyning kashf etilishi bilan yakka oila bo’lib yashash imkoniyati tug’ilgan. Tosh, suyak, yog’ochdan mikrolit qurollar (pichoq, qirg’ich, bolta) kashf qilingan. Bu qurollar yordamida odamlar yakka holda ov qilish imkoniga ega bo’lishgan. Shu tariqa jamoa bo’lib yashashga barham berilgan. Mezolit davri odamlari ovchilik, baliqchilik, terimchilik bilan shug’ullanganlar. O’zbekiston hududida Mezolit davriga oid eng qadimgi yodgorlik Qo’shilish bo’lib, u miloddan avvalgi 10-mingyillik bilan davrlarnadi. Undan mikrolit qurollar, paykon va uchburchak shakldagi qurollar, qo’lga o’rgatilgan tur (buqa yoki sigir) suyagi topilgan. Bu esa Mezolit davri boshida O’zbekiston hududida odamlar chorvachilikdan xabardor bo’lganliklaridan dalolat beradi. Respublikamizda Mezolitga oid ko’plab yodgorliklardan Farg’ona vodiysining So’x tumanidagi Obishir va Obishir V manzilgohlari, Surxondaryoning Boysun tumanidagi Machay g’ori kabilarni ko’rsatish mumkin.