Mo’g’ul oti

Mo’g’ul oti — jaydari ot zoti. Uning kelib chiqishi qadim zamonlarga borib taqaladi. Ayniqsa, 12-asr oxiriga kelib, mo’g’ullar davlatining paydo bo’lishi va mo’g’ullar istilosi davrlarida yilqichilikka e’tibor kuchaygan, Mo’g’ul oti zoti ko’plab urchitiladigan va otliq qo’shinning asosiy harakat vositasi bo’lgan. Ular cho’l va chala cho’l sharoitiga moslashgan. Mo’g’ul oti bo’yi past, jussasi kichik bo’lishiga qaramay, ishchanlik qobiliyati yuqori (poyga sinovida 25 kilometr masofani 42 minutda bosib o’tgan). Mo’g’ul otining qarchig’ay balandligi 127-130 santimetr, tanasining uzunligi 134-135 santimetr, ko’krak aylanasi 154— 160 santimetr, pochasining aylanasi 17-18 santimetr, bo’yni qisqa, yoli va dumi qalin va uzun. Mo’g’ul otidan salt minishda, yuk tashishda, sut va go’sht yetishtirishda foydalaniladi. Mo’g’ul oti yil davomida yaylovda uyur-uyur holda boqiladi. Ular boshqa ot zotlaridan tanasida qatlamqatlam yog’ to’plashi, terisining junli bo’lishi, shu bois sovuqqa, qishda va yozgi qurg’oqchilikda bo’ladigan yem-xashak tanqisligiga chidamli bo’lishi bilan ajralib turadi. 13-asr boshlarida mo’g’ullarning O’rta Osiyoga qilgan bosqinlarida bu hududda qadimdan mavjud madaniy ot zotlariga Mo’g’ul otlarining qisman ta’siri o’tgan.