Mo’g’ulcha
Mo’g’ulcha — Shashmaqomdagi har bir maqomning ashula bo’limida 2-guruhni tashkil etuvchi asosiy sho’balardan biri. Ular savt sho’balari kabi 5 chorak takt o’lchovidagi doira usulida ijro etiladi: Mo’g’ulchalar jami 4 ta bo’lib, Buzruk maqomida — Mo’g’ulchai Buzruk, Navoda — Mo’g’ulchai Navo, Dugohda — Mo’g’ulchai Dugoh, Segoada — Mo’g’ulchai Segohdeb ataladi. Mo’g’ulchalar, asosan, Shashmaqomdagi 1-guruh sho’balarining bosh mavzui — Saraxborlarga hamohang bo’lib, ularning Mo’g’ulcha doira usuliga tushirilgan variantlaridir. Mo’g’ulcha sho’basi Talqincha, Qashqarcha, Soqiynoma va Ufardan iborat o’z shoxobchalariga ega. Ular bir-biridan, asosan, usul va sur’ati bilan farqlanadi hamda Mo’g’ulcha sho’balari nomi bilan qo’shib ataladi (masalan, Talqinchai Mo’g’ulchai Buzruk, Qashqarchai Mo’g’ulchai Navo, Soqiynomai Mo’g’ulchai Dugoh va hokazolar). Mo’g’ulchalarning Qashqarcha, Soqiynoma va Ufar qismlari raqs bilan ham ijro etilishi mumkin. Mo’g’ulchai Dugoh va uning turkumlanish xususiyatlaridan kompozitor M. Tojiyev o’zining 9-simfoniyasi (1979) da unumli foydalangan.