MOLIYA SIYOSATI
MOLIYA SIYOSATI (budjet siyosati) — davlat umumiy iqtisodiy siyosatining muhim tarkibiy qismi; davlat faoliyatini ta‘minlash, mamlakat farovonligini oshirish maqsadlarida moliya tizimini tashkil etish, moliyaviy resurslarni safarbar etish va ulardan foydalanish, davlat oldida turgan ichki va tashqi siyosat vazifalarini bajarish bo’yicha amalga oshiriladigan barcha davlat tadbirlarini o’z ichiga oladi. Moliya siyosati ta‘sir ko’rsatadigan asosiy obyektlar – aholining turli qatlamlari, davlat institutlari (tashkilotlari), sanoat va xo’jalikning boshqa sohalari, mintaqalar va mamlakatlarning umumiy hududi. Moliya siyosatining asosiy quroli va tarkibiy qismi – davlat budjeti daromadlari va xarajatlari, zayomlari, soliq imtiyozlaridir.