Muhammad Jahongir Mirzo
U Amir Temur sohibqironning katta o’g’li bo’lib, u 1356 yilda tug’ilgan. Xondamirning bergan ma’lumotiga ko’ra, uning onasi Turmish Og’odir.
Jahongir Mirzo otasi Temurga o’xshab bir so’zli, qat’iyatli va jasur bo’lgan. U yosh bo’lishiga qaramay, harbiy ilmdan yaxshigina xabardor bo’lib, otasi Amir Temurning harbiy yurishlarida o’ziga topshirilgan qo’shin qismlariga mohirona boshchilik qilgan.
Amir Temur Sharqiy Turkiston (Mo’g’uliston) ga qarshi qilgan yurishlarining (1370-1376) uchtasida, shuningdek Xorazmga qilgan yurishlarida Jahongir Mirzo faol qatnashadi. Sohibqiron jangda yengilib qochgan amir Qamariddinning izidan ta’qib etishni Jahongir Mirzoga topshiradi.
1373 yilda Jahongir Mirzo Xorazm shohi Husayn So’fining qizi Sevin bekani (keyinchalik Xonzoda begim nomi bilan mashhur bo’ladi) o’z nikohiga oladi. Xonzoda begim O’zbekxonning nabirasi edi.
1374 yilda Jahongir Mirzo Ilyos Yasuriyning qizi Baxt Mulk Og’oga uylanadi. Undan tug’ilgan o’g’ilga Pir Muhammad Mirzo deb ism qo’yishadi. Ammo Jahongir Mirzo 1376 yilda 20 yoshida kasal bo’lib, vafot etadi.
Temur o’z o’g’illari orasida Jahongirga alohida e’timod qo’ygan edi. U Jahongirni yaxshi ko’rar va kelajakda o’z taxtining vorisi deb bilardi.
XONZODA (SEVIN BEKA) BEGIM 1371 yilda Amir Temur Xorazmga qo’shin tortib, Husayn So’fi bilan Xorazm yonida jang qiladi. Jangda Husayn So’fi yengilib, shahar qal’asiga kirib jon saqlaydi. Amir Temur Xorazm atrofidagi yerlarni zabt etib, shaharni qamal qiladi. Qamal asnosida Xorazm hukmdori Husayn So’fi 1372 yil 5 yanvar kuni vafot etadi. Shundan so’ng Xorazm taxtiga o’tirgan Yusuf So’fi Amir Temur bilan bitim tuzadi. Bitimga muvofiq Yusuf So’fi jiyani Xonzoda (Sevin beka) begimni Amir Temurning o’g’li Jahongir Mirzoga xotinlikka berishga rozi bo’ladi. Amir Temur esa shaharni qamaldan ozod qilib, qaytib ketadi. Xonzoda begim O’zbekxonimning nabirasi, ya’ni xon avlodidan edi. 1373 yilda Amir Temur buyrug’iga binoan, Xonzoda begim Xorazmdan maxsus mahofa bilan kelinib, Samarqandda Konigilda katta to’y-tomoshalar bilan Jahongir Mirzoga nikohlanadi.
Xonxoda begim Jahongir Mirzodan bir o’g’il tug’adi. Ismini Muhammad Sulton Mirzo deb ataydilar. Biroq 777/1376 yilda Jahongir Mirzo vafot etib, yosh malika Xonzoda begim beva qoladi. Ammo qandaydir sabablarga ko’ra, Amir Temur Xonzoda begimni qo’ldaan chiqarmaslikka harakat qilgan. Zamona tarixchilarining bergan ma’lumotlariga qaraganda, Amir Temur kelini Xonzoda begimni nihoyat darajada hurmat qilgan va uning ra’yiga qaragan. Balki Xonzoda begim O’zbekxon avlodidan bo’lgani uchundir. Biroq tarixchilarning hamjihatlik bilan guvohlik berishlaricha, Xonzoda begimning o’tkir zehni, aql-farosati hamda tadbirkorligi Amir Temurni ham o’ziga rom etganidadir.
Amir Temur avvalo Xonzoda begimni qo’ldan chiqarmaslikka harakat qilgan bo’lsa, ikkinchidan o’zbek urug’ va qabilalarida qadimdan urf-odat tusiga kirib kelayotgan rasmni qo’llagan, ya’ni o’lgan akaning bevasini kichik ukasiga nikoh qilish rusumiga binoan ish tutgan. Binobarin, Amir Temur 1383 yilda Xonzoda begimni uchinchi, o’g’li Mironshohga nikohlab beradi. Xonzoda begim Mironshohdan bir o’g’il tug’adi. Ismini Xalil Sulton Mirzo deb ataydilar.
1407 yilda Xonzoda begim Makkatullo ziyoratiga ketadi. Baytulloh ziyoratidan qaytgach, Abdurazzoq Samarqandiyning ma’lumotiga qaraganda, o’g’li Xalil Sulton Mirzoning o’limidan bir necha kun ilgariroq, ya’ni 1411 yil 3 noyabrda Tusda vafot qiladi.
MUHAMMAD SULTON MIRZO Jahongir Mirzoning katta o’g’li edi. U 1376 yilda Xorazm hukmdori Yusuf So’fining qizi – Xonzoda (Sevin beka) begimdan tug’ilgan edi.
Amir Temur suyukli o’g’li Jahongir Mirzo vafotidan so’ng, o’zining barcha orzu-umidlarini Muhammad Sulton Mirzoga bog’lab, unga e’timod qo’ydi. O’zidan so’ng taxt-tojning yagona vorisi deb bilardi.
Darhaqiqat, Muhammad Sulton Mirzo bobosi Amir Temurga o’xshab jasoratli, qat’iyatli, zukko, dushmanga nisbatan shafqatsiz, dovyurak jangchi edi. Shuningdek u saltanat ishiga ozgina bo’lsa-da, ziyon yetkazgan kishini, u kim bo’lishidan qat’i nazar, o’z avlodidan bo’lsa ham ayab o’tirmas, aksincha shafqatsiz ravishda jazolardi.
1399 yilda Amir Temur navbatdagi harbiy yurishga ketayotib, Samarqand hukmdorligini 23 yoshli Muhammad Sulton Mirzoga topshirib ketadi.
Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, 1399/1400 yil qish faslida Muhammad Sulton Mirzo bilan Farg’ona hokimi Iskandar Mirzo o’rtasida nizo chiqadi. Muhammad Sulton Mirzo o’z amakivachchasi 16 yashar Iskandar Mirzoni Samarqandga chorlab keltirib, avaxtaga tashlatadi. Iskandar Mirzo bilan birga kelgan 26 nafar navkari hamda shahzodaning otabegisini qatl qildiradi.
Musaviyning hikoya qilishicha, keyinchalik Amir Temur Samarqandga qaytib kelgach, shahzodalar orasida vujudga kelgan nizoni tekshirib ko’radi va Muhammad Sulton Mirzoning qilgan ishini nohaq deb topadi. Binobarin, Iskandar Mirzoni avaxtadan ozod qilib, undan tortib olingan barcha mollarni qaytarishga amr qiladi.
1401 yil mart oyida Amir Temur Damashq (Suriya)da turarkan, nabirasi Muhammad Sulton Mirzoga sobiq Xulaguxon tasarrufida bo’lgan viloyatlaarni (Iroq yoki shimoli-g’arbiy Eron) boshqarish haqida farmon yuboradi. Natijada, 1401 yil noyabr oyida bobo bilan nabira Qorabog’da uchrashadilar.
1402 yilda Amir Temurning Kichik Osiyoga – Boyazid Yildirim (Yashin) ga qarshi yurishida Muhammad Sulton Mirzo faol qatnashadi. U hatto Kichik Osiyoning g’arbiy qirg’og’igacha boradi. Biroq u yerda qaytayotganda shamollab, 1403 yil 12 martda Qora Hisor mavzeida 27 yoshida vafot etadi. Muhammad Sulton Mirzoning jasadi Oqshaharga jo’natiladi.
Muhammad Sulton Mirzoning vafoti o’rdugohni larzaga keltiradi. Amir Temur suyukli nabirasi vafotidan qattiq qayg’uradi. Barcha qo’shinlar qora va ko’k libosga burkanadi. Hatto oq ot minish ham man’ etiladi. Har kuni tong saharda yig’i bilan ta’ziya boshlnib, kechqurun yana yig’i bilan xotimalanardi. Mazkur tartib bir necha kun davom etadi. Nihoyat, lashkarboshilarning tasalli berishlari vositasi-la, bir necha kundan so’ng sohibqiron ta’ziyani to’xtatadi.
Muhammad Sulton Mirzoning jasadi solingan tobutni Oqshahardan taxtiravonga qo’yib, 200 otliq askar muhofazasida Orzurum viloyatiga jo’natiladi. U yerda jasadni yangi tobutga solib, muvaqqat dafn etish uchun Sultoniyaga jo’natiladi. Eski tobut esa Oniq shaharchasida qoldiriladi. Amir Temur Oniq shahriga kelgach, valiahd shahzodaga qaytadan ta’ziy ochilar. Bu ta’ziyaga Sultoniyadan, Tabriz, Qazvin va boshqa shaharlardan shahzodalar, malikalar, sayidlar va ulamolar keladilar. Marhum shahzodaning onasi Xonzoda begim (Sevin beka) ham Sultoniydan yetib keladi. Mazkur eski tobutni olib kelinadi va hamma ishtirokchilar tobut atrofida nola-fig’on qiladilar. Hamma qaytadan qora va ko’k libosga o’raladi. Ta’ziya maydoniga marhum shahzodaning katta nog’orasi (kovurgo-jang nog’orasi) ni olib keladilar. Shu asnoda barcha shahzodalar, malikalar, beklar va jangchilar ovoz chiqarib yig’laydilar. Shundan so’ng nog’orani tilimlab kesib, mayda-mayda bo’laklarga bo’lib tashlaydilar. Ta’ziya tugagach, yana qora kiyimlarni yechishga ijozat beriladi.
1404 yil mart oyida marhum Muhammad Sulton Mirzo vafotining bir yillik marosimi Araks daryosi yaqinida Qorabog’da o’tkaziladi. Chunki shu paytda Amir Temur Qorabog’da edi. Bu yerga marhum shahzodaning xotirasi uchun barcha shahzoda va malikalar, beklar, ulamolar yig’iladilar. Bu safar ta’ziyda yig’i-sig’i qilinmay, kelganlarga osh-suv berilgach, hatmi qur’on bilan marosim tugaydi. Marhum shahzodaning onasi Xonzoda begimga Sultoniyaga borib, Muhammad Sulton Mirzoning jasadini muvaqqat dahmadan olib, Samarqandga ko’chirishga ijozat beriladi.
Sharafuddin Ali Yazdiyning bergan ma’lumotiga ko’ra, Muhammad Sulton Mirzoning hoki Samarqanddagi marhumning madrasasi yonidagi maqbaraga dafn qilinadi. Klavixoning yozishicha, 1404 yilning iyul oyida Amir Temur safardan qaytib kelib, shahar chetidagi “Chinorli bog’”ga tushadi va u yerdan Muhammad Sulton Mirzo madrasasiga “marhum nevarasining xokini ziyorat qilish uchun” boradi. Keyinchalik, Muhammad Sulton Mirzo maqbarsini baland qilib qurdiradi va atrofini bog’ qilib o’rattiradi. Amir Temur nabirasi Muhammad Sulton Mirzoni o’zining valiahdi qilib tayinlangan edi. Yosh shahzodaning to’satdan betob bo’lib vafot etishi, Temurning kelajak rejalarini barbod qiladi. Chunki, u o’zining farzandlari Mironshoh va Shohruh siymolarida taxt uchun munosib nomzodni ko’rmas edi.
Ibn Arabshohning yozishicha, Muhammad Sulton Mirzo olimlar, fozillarga o’ta hayrixoh bo’lgan.
Muhammad Sulton Mirzodan uch o’g’il va bir qiz qolgan edi. O’g’illari – Muhammad Jahongir Mirzo, Sa’d Vaqqos Mirzo va Yahyo Mirzolar edi. Qizining nomi O’gi Begi edi.
PIR MUHAMMAD MIRZO Jahongir Mirzoning ikkinchi o’g’lidir. U 1376 yilda otasining o’limidan so’ng 40 kun o’tgach, Baxt Mulk Og’o begimdan tug’ilgan.
1392 yilda sohibqiron Amir Temur G’azna, Kobul, Zobiliston, Qandahor viloyati va uning atrofi, to Sind daryosigacha bo’lgan yerlarni Pir Muhammad Mirzoning tasarrufiga topshirgan edi. Binobarin, uni Pir Mihammad Kobuliy ham deb atardilar. Pir Muhammad Mirzo bobosi Amir Temurning bir necha yurishlarida hamrohlik qilgan edi. Jumladan, Pir Muhammad Mirzo Amir Temurning Hindiston safarida o’ng qanot qo’shinda xizmat qilgan.
Pir Muhammad Mirzo bobosi Amir Temur vafot qilgan vaqtda Qandahorda edi. Darhaqiqat, temuriy shahzodalar orasida, Mironshohni hisobga olmaganda, Pir Muhammad eng kattasi edi. Binobaarin, Amir Temur o’lim oldida o’z valiahdi qilib Pir Muhammd Mirzoni belgilagan edi. Bu haqda Pir Muhammadga xabar yuborilgan bo’lsa-da, biroq hech kim uning yetib kelishini kutib o’tirmadi, aksincha har kim o’z xohishicha taxt uchun kurashaboshladi.
Taxtning haqiqiy vorisi Pir Muhammad Mirzo Samarqand taxtiga o’tirish maqsadida yo’lga chiqqanda, Xalil Sulton Mirzo allaqachon taxtni egallagan edi. Taxt uchun ikkinchi da’vogar Sulton Husayn Mirzo esa taxtni ololmasligiga ko’zi yetgach, Xalil Sulton Mirzoga borib qo’shilgan edi.
Pir Muhammad Mirzo o’z yo’liga to’sqinlik qilgan Sulaymonshoh va Sulton Husaayn Mirzoga qarshi jang qilishga majbur bo’ladi va pirovardida Sulaymonshoh ustidan qilgan g’alabasidan so’ng Balxni egallaydi va Shohruh Mirzo bilan Movarounnahrni qo’lga kiritish borasida Xalil Mirzoga qarshi birgalikda kurashmoq uchun Shohruh Mirzo bilan bitim imzolaydi. Bitimga ko’ra, amir Shoh Malik Xalil Sulton Mirzoga qarshi yurishni bir oz kechiktirilishini, toki Shohruh Mirzoning qo’sini yetib kelishini kutishni Pir Muhammad Mirzodan iltimos qiladi. Shuningdek, yurishni Buxorodan boshlashni taklif qiladi. Biroq Xalil Sulton Mirzo askarlarining yo’lga chiqqan xabarini eshitishgach, Qarshi tomonga qarab yuradilar. 1406 yil fevralida Xalil Sulton Mirzo qo’shini bilan Pir Muhammad Mirzo va Shohruh Mirzo qo’shinlari o’rtasida Qarshi yaqinida jang boshlanadi. Jang qizib, Shoh Malikning bahodirligi natijasi o’laroq, Xalil Sulton Mirzoning mag’lubiyati ko’rinib turgan bir paytda, bir necha amirlar Pir Muhammadga xiyonat qilib, jang maydonini tashlab ketadilar va urushning natijasi Xalil Sulton Mirzo foydasiga hal bo’ladi. Pir Muhammad Mirzo Balxga, Shoh Malik esa Xurosonga qarab qochadilar. Pir Muhammad Mirzoning jang maydonidan qochish asnosida, butun boshliq qarorgohi va harami Xalil Sulton Mirzo qo’liga tushadi. Mana shu mag’lubiyatdan bir yil o’tgach, ya’ni 1407 yil 22 fevralda Pir Muhammad Mirzo o’zining vaziri amir Pir Ali Toz tomonidan qiynab, bo’g’ib o’ldiriladi. Amir Pir Ali Toz o’z valine’mati Pir Muhammad Mirzoga qo’shib uning eng yaqin kishilarini ham halok etadi.
Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Pir Ali Toz oddiy navkar bo’lib yurgan kezlarida, Pir Muhammad Mirzo uni o’z panohiga olib, oddiy navkarlikdan amirlik darajasigacha ko’targan. Ko’pgina tarixiy manbalarning ma’lumotiga qaraganda, Pir Ali Toz ig’vogar, shuhratparast va niyati buzuq shaxs edi. Pir Ali Toz 1405 yilda Xalil Sulton Mirzo qo’shinida xizmat qilgan. Sulton Husayn Mirzoni Xalil Sulton Mirzoga qarshi oyoqlantirgan ham ana shu Pir Ali Toz edi. Abdurazzoq Samarqandiyning ma’lumotiga qaraganda, Pir Ali Toz Amir Temur vafot qilgach, darhol Xalil Sulton Mirzo qo’shinidan ajrab, Balxga kelgan.
Pir Muhammad Mirzo o’ldirilgach, Pir Ali Tozdan qasos olish maqsadida Shohruh Mirzo askar yuboradi. Jangda Pir Ali Toz yengilib, Balxdan qochadi. Ammo, 1408 yil 6 aprelda Pir Ali Toz yana Balxga hujum qiladi. Balx hukmdori Qaydu Mirzo Hirotga xabar yuboradi. Shohruh Mirzo qo’shini Pir Ali Tozni yana mag’lubiyatga uchratadi. Pir Ali Toz yana qochadi. Biroq Pir Ali Tozning hazora qavmidan bo’lgan sardorlari maslahat qilishi “Bu fasod hamirturushi toki bizning oramizda ekan, fitnachilik kamaymaydi”, — deb ittifoq tuzadilar va uni tutib, taxt orzusini qilgan bemag’z kallasiga somon tiqib, dorussaltana Hirotga yuboradilar.
Pir Muhammad Mirzodan yetti o’g’il qoladi – Qaydu Mirzo, Holid Mirzo, Sa’d Vaqqos Mirzo, Qaysar Mirzo, Sanjar Mirzo, Jahongir Mirzo va Buzanjir Mirzo.
MUHAMMAD JAHONGIR MIRZO Muhammad Sulton Mirzoning katta o’g’lidir. Amir Temurning katta o’g’li Muhammad Jahongir Mirzoning nabirasidir. U 1396 yilda tug’ilgan.
Nafsilambirini aytganda Xalil Sulton 1405 yilda saltanatni egallagach, bobosi Amir Temur xohishini hisobga olib, valiahd hisoblanmish Muhammad Sulton Mirzoning to’ng’ich o’g’li – 9 yoshli shahzoda Muhammad Jahongir Mirzoni xon qilib ko’taradi va o’zi xuddi bobosi kabi otaliq mansabida bo’ladi.
1409 yilda Xalil Sulton Mirzo hokimiyatdan tushirilgach, Shohruh Mirzo Samarqand taxtiga o’g’li Ulug’bek Mirzoni o’tkazib, Shohmalikni otabek qilib tayinlaydi. Muhammad Jahongir Mirzoga Hisor hokimligini beradi. Muhammad Jahongir Mirzoga Hisor hokimligini beradi. Muhammad Jahongir hali yosh bo’lganligi sababli unga amir Hamza Sulduzni otabek qilib tayinlaydi. Biroq amir Shohmalikni katta mansabga tayinlanganidan norozi bo’lgan raqiblari – amir Shayx Nuriddin va amir Hamza Sulduzlar unga qarshi yangidan kurash boshlaydilar.
1410 yil 20 aprelda har ikki amir birgalashib, Shohmalik va Ulug’bek Mirzoga qarshi Qizil Rabotda urush ochadilar. Bu jangda Shohmalik qo’shini yengilib Qoratepaga chekinadi. G’oliblar uchun Samarqand yo’li ochilgan edi. Ammo Samarqand aholisi shaxulislom boshchiligida shahar darvozalarini Nuriddinga ochishga unamaydilar. Hofizi Abruning yozishicha, Shayx Nuriddin Muhammad Jahongir Mirzoni Samarqandga taklif qilib, Hisorga quyidagi mazmunda maktub jo’natadi, “Men bu mamlakatni sening uchun oldim, rahmatlik Amir sohibqiron senga vasiyat qilgandir”. Lekin ahli Samarqand sobiq “xon” – Muhammad Jahongir Mirzoning kelganiga e’tibor ham qilmaydi. Shohruh Mirzo Hirotdan chiqib, Shahrisabzni egallaydi. Shohruhning yaqinlashib kelayotgan xabarini eshitgan amir Shayx Nuriddin Samarqand qamalini bo’shatib, chekinadi. 12 iyulda Qizil Rabot mavzeida Shayx Nuriddin Shohruh Mirzo qo’shini bilan to’qnashadi. Jangda amir Shayx Nuriddin va Muhammad Jahongir Mirzo yengiladilar. Shohruh Mirzo Hisorda tartib o’rnatish uchun amir Muzrobni jo’natadi. Hisor Muhammad Jahongir Mirzo so’zsiz taslim bo’ladi.
Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, 1413 yil 11 senabrda Muhammad Jahongir Mirzo Shohruh Mirzoning qizi Maryam Sulton begimga uylanadi. Fasih Xavofiyning ma’lumotiga ko’ra, Muhammad Jahongir Mirzo umrining oxirigacha Hisorda hukmronlik qiladi va 1433 yil 24 iyunda 38 yoshida o’z ajali bilan vafot etadi. Undan Muhammad Sulton Mirzo va Xalil Sulton Mirzo ismli ikki o’g’il qoladi.
Muhammad Jahongir Mirzoning xotini Maryam Sulton begim 1441 yili 14 iyunda vafot etgan.
Fasih Xavofiyning yozishicha, MUHAMMAD SULTON MIRZO 1423 yil 29 avgustda tug’ilgan.
Muhammad Sulton Mirzo umrining oxirigacha otasiga suyurg’ol tarzida berilgan Hisori Shodmonda hayot kechirib, 1448 yilda olamdan o’tadi. Undan farzand bor-yo’qligi noma’lum.
SA’D VAQQOS MIRZO Muhammad Sulton Mirzoning ikkinchi o’g’li, Amir Temurning katta o’g’li Muhammad Jahongirning nabirasidir. U 803/1400 yilda tug’ilgan.
Sa’d Vaqqos Mirzo Amir Temur vafot qilgan vaqtda 6 yoshda bo’lgan. Shundan keyingi davrda uning haqida qo’lyozmalarda aniq ma’lumot uchramaydi. Har holda Sa’d Vaqqos Mirzo biron viloyatda hukmdor bo’lmagan.
YAHYO MIRZO Muhammad Sulton Mirzoning uchinchi o’g’lidir. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, Yahyo Mirzo Amir Temur vafot qilgan vaqtda 5 yoshda bo’lgan. Shundan keyingi davrda uning haqida aniq ma’lumot uchratmadik. Yahyo Mirzo 1408 yilda sakkiz yoshida vafot etgan.
XALIL SULTON MIRZO Muhammad Jahongir Mirzoning ikkinchi o’g’lidir. Xalil Sulton Mirzo ham akasi kabi Hisori Shodmonda hayot kechirib, 1459 yilda vafot etadi. Xalil Sulton Mirzodan bir o’g’il va bir qiz qoladi.
MUHAMMAD UMAR MIRZO Xalil Sulton Mirzoning o’g’li bo’lib, 1442 yilda tug’ilgan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, Muhammad Umar Mirzo Sulton Husayn Boyqaro saroyida mulozimatda bo’lgan.
1470 yilda Yodgor Muhammad Mirzo Xurosonga qarshi qo’shin torgan kezlarda, Sulton Husayn Boyqaroning bir necha harbiy guruh sardorlari undan yuz o’girib, Yodgor Muhammad Mirzo Xurosonga qarshi qo’shin tortgan kezlarda, Sulton Husayn Boyqaroning bir necha harbiy guruh sardorlari undan o’z o’girib, Yodgor Muhammad Mirzoga xayrixohlik bildirgan edilar. Ana shunday qisqa o’ylaganlardan biri Muhammad Umar Mirzo edi. U 1470 yil 19 iyunda Yusuf tarxon va bir necha sardorlar bilan hamjihatlikda, Sulton Husayn Boyqaro o’rdugohidan qochib, Garmser va Qandahorga boradi. Qandahor hokimi amir Nizomiddin Ahmad bin Tavakkal barlos edi. U Muhammad Umar Mirzoni isyondan qaytarishga da’vat qilsa-da, biroq shahzoda itoat qilmay, o’z qo’shini bilan Ko’histon viloyatiga hujum qilib, aholi mol-mulkini talon-taroj qiladi.
Sulton Husayn Boyqaro Andxo’ydan qaytib kelgach, Muhammad Umar Mirzoning isyoni haqidagi xabarni eshitib, darhol o’z qo’shini bilan Ko’histonga qarab yuradi. Fursatni g’animat bilgan Muhammad Umar Mirzo Qoyin viloyatini qamal qilish taraddudini ko’radi. Ammo Sulton Husayn Boyqaro to’rt ming qo’shinni shahzodaga qarshi ilg’or qilib jo’natadi. Muhammad Umar Mirzo jangga bardosh beraolmay Qandahorga qochadi. Sulton Husayn Boyqaro esa Hirotga qaytib keladi.
1471 yilning boshlarida Muhammad Umar Mirzo o’z qo’shini bilan Faroh qo’rg’onini muxosara qiladi. Bu xabarni eshitgan Sulton Husayn Boyqaro amir Muzaffar barlos va bir necha bahodirlarni shahzodaga qarshi jo’natadi. Har ikki qo’shin to’qnashib, qattiq jang bo’laadi. Jang asnosida shahzoda Muhammad Umar Mirzo ajal sharbatini ichadi. Shundan so’ng, Qandahor viloyati batamom Sulton Husayn Boyqaro tasarrufiga kiradi.
QAYDU MIRZO Pir Muhammad Mirzo Kobuliyning to’ng’ich o’g’li bo’lib, Amir Temurning katta o’g’li Jahongir Mirzoning nabirasidir. U 1396 yilda tug’ilgan. Sharafuddin Ali Yazdiyning yozishicha, sohibqiron Temur vafot qilgan vaqtda Qaydu Mirzo 9 yoshda bo’lgan.
Pir Muhammad Mirzo vafot qilgach, Kobul, Qandahor, G’aznadan tortib Shimoliy Afg’onistonda tashkil topgan viloyatlar uning katta o’g’li Qaydu Mirzoga suyurg’ol qilib beriladi. Qaydu Mirzo yosh bo’lganligi tufayli, Shohruh Mirzo unga amir Bahlulni otabek qilib tayinlaydi. Amir Bahlul Pir Muhammad Mirzoga ham mulozim bo’lib xizmat qilgan edi. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, amir Bahlul Qaydu Mirzoning rahnamosi darajasigacha ko’tarilgach, bevafolik, ko’rnamaklik yo’liga o’tadi va saltanatga ehtirosi kuchayib, shahzodaga qarshi fitnalar uyushtirib, o’z atrofiga Hasan axtochi, Luqmon Qaro va Usmon Ali kabi bir guruh amirlarni yig’ib, Qaydu Mirzoni oradan ko’tarib, o’rniga uning ukasi Sanjar Mirzoni taxtga o’tqazishga harakat qiladi. Bu fitnadan ogoh bo’lgan Qaydu Mirzo, darhol Shohruh Mirzoga maktub yo’llaydi. Shohruh Mirzo amir No’shiravon boshliq o’n ming qo’shinni Qaydu Mirzo muhofazasi uchun jo’natadi. Bu vaqtda fitnachilar tomonida turgan harbiy boshliqlar voqeaning asl mohiyatidan xabardor bo’lib, Qaydu Mirzo tomoniga o’ta boshlaydilar. Qaydu Mirzo fitnachilarga qarshi kurashib, ularni tor-mor qiladi. Amir Bahlul o’z tarafdorlarini olib, Shohruh Mirzo huzuriga Hirotga borib, uzr so’raydi. Shohruh Mirzo ularning gunohini kechiradi.
Qaydu Mirzo o’z tasarrufidagi viloyatlarni mustaqil ravishda idora qilaboshlaydi. 1415 yilda Shohruh Mirzo akasi Umar Shayx Mirzoning o’g’li Boyqaro Mirzoni Fors mamlakatidan olib, Qaydu Mirzo huzuriga jo’natadi. Qaydu Mirzo uni hurmat-ehtirom bilan kutib oladi. Ammo Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Boyqaro Mirzo Kobulda ham tinch yurmay, Qaydu Mirzoning joniga qasd qiladi. Bundan voqif bo’lgan Qaydu Mirzo uni darhol bandga olib, Shohruh Mirzoga maktub yo’llaydi. Shohruh Mirzo uni “Sind suvidan o’tkazib yuborilsin, toki u Hind mulkida qaysi joyni istasa o’sha yerda tursin”, deb farmon yuboradi.
Shundan so’ng, Qaydu Mirzo harholda o’z tasarrufida bo’lgan yerlarda markaziy hokimiyatdan mustaqil ravishda hukmronlik qilish orzusiga tushadi. Qaydu Mirzo o’z tasarrufidagi viloyatlarda o’z nomidan pul zarb qilish va xutbani o’z nomiga o’qilishini talab qilib, viloyatlarga farmon jo’natadi.
Qaydu Mirzo u yerlarda shunchalik kuchayib ketadiki, Hindiston voliysi Hizrxon huzuriga odam yuborib: “Hind mulklarida – Qunnuj shahridan tortib to Multon chegaralarigacha bo’lgan yerlarda, uning nomi bilan pul zarb qilsinlar va xutba o’qisinlar” deb farmon beradi.
Hizrxon Qaydu Mirzoning yuborgan farmoni haqida Shohruh Mirzoga arz qilib elchi yuboradi. Shohruh Mirzo elchiga elchi qo’shib jo’natarkan “Xutbada avval Shohruh Mironing nomi, so’ngida Hizrxonning nomi zikr qilinsin”, degan mazmunda farmon yuboradi.
Qaydu Mirzoning bunday o’zboshimcha siyosatidan ranjigan Shohruh Mirzo, Qandahor, G’azna va Kobul viloyatlarida avj olgan qaroqchilarni tinchitish bahonasida katta qo’shin bilan Qandahorga yurish boshlaydi. Shohruh Mirzoning makridan voqif bo’lgan Qaydu Mirzo o’z yaqin kishilarini olib Qandahordan qochadi. Shohruh Mirzo Qandahorga Sanjar Mirzo, Yodgorshoh Arlot va Feruzshohlarni qo’yib, agar Qaydu Mirzo kelsa uni ushlab oliy dargohga yuborishlarini tayinlaydi.1417 yil oxirida Qaydu Mirzoni ushlab dorussaltanat – Hirotga olib boradilar. Shohruh Mirzo Qaydu Mirzoning gunohlaridan kechib, uni Hirotga saqlaydi. Biroq 1418 yil 22 avgustda Qaydu Mirzo amir Bahlul va Sadr Jahonning vasvasasi bilan Hirotdan Qandahor tomonga qochadi. Zero, Qandahorda Qaydu Mirzo tarafdorlari ko’p edi. Lekin Shohruh Mirzo uning ketidan o’g’li Boysung’ur Mirzoni bir guruh sipohlar bilan jo’natadi.
Boysung’ur Mirzo o’z qo’shini bilan Qaydu Mirzoni ta’qib qilib, Siparz qishlog’i yaqinida uni asirga oladi va bog’lab Hirotga olib keladi. Shohruh Mirzo Qaydu Mirzo Ixtiyoriddin qal’asiga qamatdiradi hamda u o’sha yerda vafot qiladi.
Qaydu Mirzo zindonga tashlangach, Shohruh Mirzo unga tegishli bo’lgan yerlarni o’z o’g’li Jaloliddin Suyurg’otmish Mirzoga in’om qiladi.
Holid Mirzo Pir Muhammad Mirzo Kobuliyning ikkinchi o’g’li bo’lib, 1399 yilda tug’ilgan edi. Holid Mirzo ham ulg’aygach, xoqon Shohruh Mirzoning mulozimatida hayot kechiradi. U hech qayerda hukmron bo’lmagan. 1427 yilda kasal bo’lib, 29 yoshida vafot etadi.
SA’D VAQQOS MIRZO Pir Muhammad Mirzo Kobuliyning uchinchi o’g’li bo’lib, 1400 yilda tug’ilgan.
1414 yilda Shohruh Mirzo Qum viloyatining hokimligini Sa’d Voqqos Mirzoga in’om qilgan edi. Sa’d Vaqqos Mirzo Mironshoh Mirzoning qizi – Og’o Begi xonimga uylanadi.
Abdurazzoq Samarqandiyning ma’lumotiga ko’ra, 1415 yil bahorida Sultoniya hukmdori amir Bistom Jogir, Qaro Yusuf turkmandan qochib, o’g’lini Sultoniyada qoldiradi-da, o’zi Sa’d Vaqqos Mirzo orqali Shohruh Mirzodan madad so’rash uchun Qumga keladi. Biroq Sa’d Vaqqos Mirzo amir Bistomni bandga olib, bu haqda Shohruh Mirzoga maktub yo’llaydi. Shohruh Mirzo Sa’d Vaqqos Mirzoning bu harakatidan ranjiydi va darhol amir Bistom Jogirni banddan xalos qilishni buyuradi.
Biroq yosh shahzoda Sa’d Vaqqos Mirzoning amirlari unga boshqacha yo’l-yo’riqlarni ko’rsatadilar. Chunonchi, “amir Bistomdek peshkash sening qo’lindadir. Sen uni darhol Qaro Yusuf Turkman huzuriga olib borib peshkash qilishing lozim. Amir Qaro Yusuf bir umrga sendan minnatdor bo’ladi”, deydilar. Sa’d Vaqqos Mirzo amir Bistomni olib Qaro Yusuf dargohiga boradi. Qaro Yusuf Sa’d Vaqqo Mirzoni zo’r ehtirom bilan qarshi oldi-yu, ammo amir Bistomni banddan xalos qilib, qo’yib yuboradi va unga ham ehtirom ko’rsatadi. Qaro Yusuf amir Bistomning o’g’li Ahiy Farajni Qumga yaqinlashgan xabarini eshitgan Sa’d Vaqqos Mirzoning xotini Og’o begi xonim erining Ozarbayjonga ketib, xato ish qilganini fahmlaydi. Og’o begi xonimning esida: xuddi mana shu Qaro Yusuf Turkman otasi Mironshoh Mirzoning qotili edi. Binobarin, malika o’z navkarlarini qurollantirib, Ahiy Faraj bilan kelgan kishilarning hammasini asirga oladi, hamda Sa’d Vaqqos Mirzoni Qaro Yusuf tomonga o’tishga maslahat bergan Temur Shayx, Qutluqxo’ja va Shayx Ali Zindalarga qo’shib hammasini qatl qildiradi. Ularning boshlarini kesdirib, Shohruh Mirzo saroyiga jo’natadi. Og’o begi xonim zamonasining oqila, tadbirkor va makr-hiylaga mayl qo’ygan ayollardan edi. U yaxshi bilar ediki, otasining qotili Qaro Yusuf qo’l ostida kechiradigan kunlarining oqibati yaxshilikka olib kelmasdi. Shohruh Mirzo Og’o begi xonimning bu jasoratiga tahsinlar o’qiydi.
Biroq, oradan ko’p o’tmay, hech bir sababsiz o’z suyurg’oli bo’lgan Qum viloyatidan Ozarbayjonga ketib qolgan Sa’d Vaqqos Mirzo 1418 yil aprel oyida 19 yoshida to’satdan vafot etadi.
QAYSAR MIRZO Pir Muhammad Mirzo Kobuliyning to’rtinchi o’g’li bo’lib, 1401 yilda tug’ilgan.
Qaysar Mirzo ham hech qayerda hukmronlik qilmagan. U ham xoqon Shohruh Mirzo saroyida xizmat qilgan. 1427 yilda vafot etgan.
BUZANJIR MIRZO Pir Muhammad Mirzo Kobuliyning beshinchi o’g’li bo’lib, 1402 yilda tug’ilgan.
Buzanjir Mirzo hech qayerda hukmronlik qilmagan. U ham xoqon Shohruh Mirzo saroyida xizmat qilgan. U 1422 yil 16 avgustda 21 yoshida vafot etgan. Abdurazzoq Samarqandiyning yozishicha, Buzanjir Mirzoning vafotini eshitgan Shohruh Mirzo, darhol uning maskaniga borib, sag’ir qolgan bolalari va beva qolgan xotiniga hamdardlik bildirgan.
JAHONGIR MIRZO Pir Muhammad Mirzo Kobuliyning oltinchi o’g’li bo’lib, 1402 yilda tug’ilgan.
Jahongir Mirzo ham hech qayerda hukmronlik qilmagan. U ham akalari kabi xoqon Shohruh Mirzo saroyida xizmatda bo’lgan. Jahongir Mirzo 1433 yilda 31 yoshida vafot etadi.
SANJAR MIRZO Pir Muhammad Mirzo Kobuliyning yettinchi o’g’li bo’lib, 1403 yilda tug’ilgan edi. Sanjar Mirzo akasi Qaydu Mirzoning saroyida (Kobul) mulozimatda edi.
Amir Bahlulning Qaydu Mirzoga qarshi fitnasi oshkor bo’lib, fitnachilar har tomonga qochgach, fitna natijasi o’laroq endigina taxtga o’tirgan Sanjar Mirzo Shohruh Mirzo huzuriga borib uzr so’raydi. Xoqon Shohruh Mirzo Sanjar Mirzoning gunohini kechirib, Hirotda o’z saroyida olib qoladi.
Sanjar Mirzo Xoqon mulozimatida bo’lib, 1429 yilda 27 yoshida vafot etadi.