Muhammadsharif So‘fizoda (1880-1937)
Muhammadsharif So‘fizoda o‘zbek demokratik va ma’rifatparvarlik davri adabiyoti an’analarini davom ettirgan adiblar sirasiga kiradi. Adibning tavallud tarixi shu vaqtgacha 1869 yil deb ko‘rsatib kelingan. Buyuk Ahmad Muhammad Ubayd («O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», 1993, 23 iyul) bergan yangi ma’lumotga ko‘ra, So‘fizoda o‘z tarjimai holida: «Men 1880 yil 29 yanvar kunida Chust shahridagi ko‘nchigarlik jamoasida tug‘ilganman»,— deydi. Uning shaxsiy ishidagi savol varaqasida berilgan ma’lumot ham shuni tasdiqlaydi. Unda: «So‘fizoda 1880 yilda kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan, ma’lumoti o‘rta, asosiy kasbi o‘qituvchilik, qilib turgan vazifasi va ishi shoirlik bo‘lib, oilasi 8 jondan iborat», deb ko‘rsatilgan.
So‘fizodaning adabiyotga ixlosi erta uyg‘ongan. U onasi Zaynab xola xohishiga ko‘ra, qo‘shnisi Manzura otindan xat-savod o‘rganib, eski maktabda ta’lim olgan. Ayniqsa, zukko va xushovoz Manzura otin aytgan ertak, doston va qo‘shiqlar yosh Muhammadsharifda adabiyotga havas uyg‘otgan. U Hofiz, Bedil, Alisher Navoiy, Muqimiy, Furqat kabi allomalar ijodini chuqur o‘zlashtirib, she’rlar mashq qila boshlagan. Toshkentda chiqadigan «Turkiston viloyatining gazeti» kabi Qozon, Orenburg va Boqchasaroyda chiqadigan nashrlar bilan qiziqqan. Boku va Tiflisda chop etilgan ozar tilidagi asarlarni mutolaa qilgan.
1893—1899 yillarda u Qo‘qonda yashab, Muqimiy, Furqat ta’sirida «Vahshiy» taxallusi bilan hajviy asarlar yaratdi. Uning ayniqsa, «Dakanang», «Bedanang», «Ayting bu so‘zimni», «O‘pay», «G‘ubor dardu olam» kabi hajviy va lirik g‘azallari e’tiborga loyiq. Biroq, hali Muqimiy hajviyasi zarbidan qutulib ulgurmagan zamona hokimlari yosh Muhammadsharifning keskin tanqidiga qarshi hujum boshlaydilar. Oqibatda, u 1899 yili Qo‘qondan Chustga qaytib keladi. Oradan ikki yil o‘tgach, uni amir-amaldorlar dahriylikda ayblab, qatl etishga hukm chiqaradilar.
So‘fizoda «Chustdan qochib, Mir viloyatiga tashrif qilib, muddati 14 yil har mamlakatda yurub» («Turkiston viloyatining gazeti», 1914, 10-son) umr kechiradi. Xuddi shu yillar (1900-1914) So‘fizoda ijodining yangi bosqichini tashkil qiladi. U «Avval Bokuga borib, Jalil Qulizoda, Sobir Tohirzoda, Muhammad Hodiy kabi ozarboyjon adabiyotining taraqqiyparvar vakillari bilan tanishadi. So‘ng Arabiston, Hindiston va Turkiya mamlakatlarida bo‘lib, oddiy xalq hayotini ko‘radi. 1910-1913 yillarda Qo‘ng‘irotda muallimlik qiladi, ma’rifatparvarlik ruhidagi she’rlarini yozib, Boku va Orenburgda chiqadigan gazeta va jurnallarda tez-tez ko‘rina boshlaydi. Uning shu yillarda yaratgan she’rlari orasida ayniqsa, «O‘zbek xonimiga», «Xonimlar isminda», «Vatan», «Muslimalar» asarlari diqqatga sazovordir.
So‘fizoda 1913 yilda Chustga qaytib kelib, yetim bolalar uchun maktab ochadi va unda muallimlik qiladi. Dunyoviy fanlarni yengil va yangi usulda o‘rgatishga bel bog‘laydi. Ayni chog‘da ayrim shariat peshvolarini, boy-amaldorlarni hajv qamchisi bilan savalaydi. Bunga chiday olmagan hokim sinf vakillari uni o‘ldirish payiga tushadilar. Buni sezgan shoir 1915 yili yana xorijiy mamlakatlarga ketishga majbur bo‘ladi.
Bu safar davomida u dastlab Hindiston, so‘ng Afg‘onistonda o‘qituvchilik bilan mashg‘ul bo‘ladi. 1918 yilda Afg‘oniston maorif vazirining o‘rinbosari sifatida Turkiston (Toshkent)ga kelib, afg‘on vakolatxonasida tilmoch bo‘lib ishlaydi. So‘fizoda o‘z Vataniga qaytib kelgach, yana hajviy she’rlar yozishda davom etadi. U munofiq rahbarlar va g‘animlar qarshiligiga duch kelsa ham o‘z xalqiga xizmat qilishdan zarracha to‘xtamaydi. Uning asarlari «Qizil O‘zbekiston», «Mushtum», «Farg‘ona» kabi gazeta va jurnallarda tez-tez bosilib turadi.
1925 yil 13 avgustda «Farg‘ona» gazetasida «Xushchaqchaq qalamlar» sarlavhasi ostida uning bir qator hajviy she’rlari chop etiladi. Uning «Haqiqatdan ko‘z yumganlar», «Qalaysizlar?», «Saylovga» kabi she’rlarida o‘sha suronli yillar nafasi eshitiladi. 1934 yilda esa So‘fizoda «Bayram nashidalari» nomli dostonini yozgan.
So‘fizodaga o‘zbek adabiyoti oldidagi xizmatlari uchun Hamza Hakimzoda Niyoziy bilan bir kunda 1926 yil 27 fevralda O‘zbekiston hukumati qarori bilan «O‘zbekiston xalq shoiri» degan yuksak unvon berilgan.
U 1937 yilda «xalq dushmani» sifatida otib tashlanadi.
Afsuski, G‘ayratiy muharrirligida nashrga tayyorlangan saylanma she’rlari shoirning 1937 yilda qamoqqa olinishi munosabati bilan e’lon qilinmay qolgan va kuydirib yuborilgan. Uning «Tarona» sarlavhali yagona she’rlar to‘plami 1968 yili nashr etilgan.