MUXOLIFAT
MUXOLIFAT (arab. muxolifat – teskarilashish, kelishmovchilik) — rasmiy hukumat, uning siyosati bilan kelishmay boshqacha siyosiy yo’l tutib, faoliyat yuritish. Muxolifatning mavjudligi fuqarolik jamiyatining siyosiy madaniyatini belgilab beruvchi muhim xususiyat hisoblanadi. Muxolifat bo’lishning asosiy talablari quyidagilardir: hokimiyatni boshqarish, tashkil etish bo’yicha o’z dasturiga, o’z ―komanda‖siga, o’z faoliyatining g’oyaviy, mafkuraviy asosiga ega bo’lish; amaldagi huquqiy normalar asosida faoliyat olib borish; o’z dasturini mafkuraviy yo’llar bilan keng jamoatchilikka yetkazish; o’z elektorati (saylovchilar) doirasiga ega bo’lish, ular manfaatini ko’zlab qonun doirasida kurashish; hal qilinishi kerak bo’lgan vazifalarni yechish uchun alternativ (muqobil) yo’llarni taklif etib, uning to’g’riligini amalda isbotlashga harakat qilish. Hozirgi davrda Muxolifatning rivojlangan shaklini Buyuk Britaniya va AQSHda ko’rish mumkin. Muxolifat bu mamlakatlarda har tomonlama qo’llab-quvvatlanadi, uning rahbarlari rasmiy lavozimlarga ham tayinlanadi.