Nadejdin Boris Borisovich
Nadejdin Boris Borisovich (1905.4.5, Smolensk shahri — 1961.7.3, Toshkent) — kompozitor va pedagog. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1950). Moskva konservatoriyasini tugatgach (1936), Toshkent konservatoriyasida (1937 yildan), Hamza nomidagi musiqa bilim yurtida (1941 — 45) o’qituvchi. O’zbekistonda professional kompozitorlik ta’limi rivojiga, musiqa maktablari pedagogik (fortepiano) repertuari shakllanishiga katta hissa qo’shgan. Ijodida o’zbek xalq kuylariga keng tayangan va ijobiy qo’llagan. Bastakorlar T. Jalilov bilan hamkorlikda «Asrlar» (1943) va «Alpomish (1949), Yu. Rajabiy bilan «Farhod va Shirin» (1944) musiqali dramalarini yaratgan. Shuningdek, simfonik orkestr uchun «Simfonietta», «Segoh», «paxta» (Yu. Rajabiy bilan), «Bolalarga», «Vals», ovoz va cholg’ular orkestri uchun «Abdurahmonbegi», «Ey, Vatan»; bolalar uchun fortepiano pyesalari va qo’shiqlar yaratdi. Toshkentdagi 5-bolalar musiqa maktabiga Nadejdin nomi berilgan. Shogirdlari orasida S. Boboyev, B. Gienko, Sayfi Jalil, T. Qurbonov, S. Hayitboyevlar bor.