Nafas organlari
Nafas organlari — organizm bilan tashqi muhit (suv yoki havo) o’rtasida gaz almashinuvi uchun ixtisoslashgan organlar. Hayvonlarda tana qoplag’ichi yoki ichagi devorining botib kirishi yoki bo’rtib chiqishi tufayli vujudga kelgan. Ko’pchilik umurtqasiz hayvonlar (g’ovaktanlilar, bo’shliqichlilar, chuvalchanglar, tuban qisqichbaqasimonlar, ignaterililar)da Nafas organlari bo’lmaydi. Umurtqalilar orasida teri orqali nafas olish kam harakatlanadigan va mayda hayvonlar — ayrim baliqlar, suvda va quruklikda yashovchilar uchun xos. Nafas organlari dastlab chuvalchanglarda jabralar shaklida paydo bo’lgan. Kislorod tanqis bo’lgan, oqmaydigan loyqa suvlarda yashaydigan ayrim baliklarda atmosfera havosi bilan nafas oladigan organlar — o’pkalar, labirint apparat rivojlangan. Orqa ichakning ayrim qismlari orqali sodir bo’ladigan gaz almashinuvi ichak orqali nafas olish deyiladi (ayrim laqqasimon va boshqa baliqlar). Quruklikda yashaydigan hayvonlarning asosiy Nafas organlari traxeyalar yoki o’pkalar hisoblanadi. Ontogenezda Nafas organlari o’zgarishi mumkin. Masalan, ko’pchilik baliklar embrionlari dastlab tana yuzasi orqali nafas oladi; keyinroq ularda sariqlik xaltasida sariklik nafas olish sistemasi yoki suzgichlar (anal, orqa, dum) nafas olish sistemasi paydo bo’ladi. Keyinchalik lichinkalarda tashqi jabralar, so’ngra jabra apparata rivojlanadi. Amniotlar embrionida nafas olish vazifasini dastlab sariklik xaltasi, keyinroq allantois bajaradi. Odamda Nafas organlari havo o’tkazuvchi yo’llar (burun bo’shlig’i, hiqildoq, kekirdak va bronxlar) hamda o’pkadan iborat.