Nagalend

Nagalend — Hindistonning shimoliy-Sharqiy qismidagi shtat. Myanma bilan chegaradosh. Ma’muriy markazi — Koxima shahri. Maydoni 16,5 ming km2. Aholisi 1,9 million kishi (2001). Nagalend 1963 yilda Assom shtatining nagalar yashaydigan qismlaridan tuzilgan. Aholisining 67% xristian diniga e’tiqod qiladi. Nagalend Assom—Myanma tog’larida (eng baland joyi 3824 metr, Patkay tog’i) joylashgan. Iqlimi subekvatorial, mussonli iqlim. 1000 metr balandlikkacha doim yashil tropik va mussonli o’rmonlar, undan yuqorisi igna bargli o’rmonlar bilan qoplangan. Tog’ tepalari yaylovlardan iborat. Nagalend — agrar shtat. Xo’jaligining yetakchi tarmog’i — deqqonchilik. Aholining 85% qishloq xo’jaligida band. Tog’lar oralig’idagi tor vodiylarda sholi ekiladi, shuningdek, bug’doy, makkajo’xori va dukkaklilar ham yetishtiriladi. O’rmon xo’jaligi rivojlangan. Oziq-ovqat (qand-shakar) sanoati korxonalari, qog’oz, faner, tsement zavodlari, GES ishlab turibdi. AES qurilmoqda. Hunarmandchilikda gazlama to’qiladi. Koxima va Lumani shaharlarida universitet bor. Yuk va yo’lovchilar temir yo’l va havo yo’llari orqali tashiladi.