Nasha

Nasha (Cannabis) — Nashadoshlar oilasiga mansub bir yillik o’t o’simliklar turkumi; yigiriladigan lub tolali, moyli ekin. Vatani — Markaziy Osiyo. Tolasi va moyi uchun miloddan avvalgi 1-ming yillikdan ekib kelingan. Bir-biriga juda yaqin 3 turi bor: madaniy yoki ekma Nasha (C.sativa) — tola olish uchun Rossiya, Belorussiya, Ukraina, G’arbiy Yevropa mamlakatlarida, Hindistonda ekiladi, yovvoyi holda Mongoliya, Afg’oniston, Hindiston, Pokiston, Xitoyda o’sadi; hind Nashasi (C.indica) — Eron, Turkiya, Suriya va boshqa mamlakatlarda urug’idan quyuq moy, bargi va poyasi chekiladigan nasha (narkotik mahsulot — gashish) va urg’ochi to’pgulidan marixuana olish uchun etishtiriladi, yovvoyi holda O’rta Osiyo, Pokiston, Afg’oniston, va boshqa mamlakatlarda o’sadi; yovvoyi Nasha (C.ruderalis) — O’rta Osiyo, G’arbiy Sibir, Volgabo’yida bahori ekinlar orasida, partov yerlarda begona o’t sifatida ko’p o’sadi. Madaniy Nashaning ildizi o’q ildiz. 1,5—2,0 metr chuqurlikka kirib boradi. Poyasi 1-5 metrgacha yetadi, diametri 10— 30 millimetr, 7-8 bo’g’inli, nisbatan issiq-sevar, namsevar o’simlik. Naviga qarab vegetatsiya davri 65-160 kun. Ikki uyli (erkak va urg’ochi o’simlikka bo’linadi), chetdan changlanadi. Barglari panjasimon, yashil, bandlari qizg’ish-binafsharang. Gulto’plami shingil, urg’ochi o’simliklarida g’uj, barg qo’ltiqlarida, erkak o’simliklarida esa yon shoxlarining uchlarida joylashadi. Gullash davri 15-25 kun davom etib, erkak o’simlik gullari urg’ochi o’simlik gullaridan 4-7 kundan keyin ochiladi. Mevasi ikki pallali, bir urug’li yong’oqcha, yuzasi silliq, diametri 2-5 millimetr. 1000 dona urug’i vazni 10-26 gramm. Urug’i 1-2° da unib chiqadi, 8-10° da maysalanadi, -5, -6° sovuqqa chidaydi, 19-25° da yaxshi rivojlanadi. Shonalash-gullash davrida suvni kup talab qiladi. Erkak o’simliklari erta yetiladi. Tolasi poya po’stlog’ida joylashadi, dag’al, yo’g’on, ammo juda pishiq, nam o’tkazmaydi. Poyasida 27% gacha tola bulib, undan dag’al gazlamalar, qop-qanor, arqon tayyorlanadi. Urug’ida 30-35% moy, 18— 23% oqsil mavjud. Moyi qandolatchilikda, konserva, qayta ishlash, lok-bo’yoq sanoatida, sovun tayyorlashda ishlatiladi. Kunjarasi mollarga beriladi. Tola olish uchun yoppasiga qatorlab, urug’ olish uchun keng qatorlab ekiladi. Tolasi uchun gullash davrida uriladi. Suvda ivitilib, quritiladi va tolasi ajratib olinadi. O’rta Osiyoda qadimdan narkotik modda beradigan hind Nashasi chilim chekishda ishlatilgan. Ad:. Yormatova D., O’simlikshunoslik, T., 2000; Vinogradov B.I..,Atabaeva X., Dementev A. A., Rastenievodstvo (praktikum), T., 1987. Halima Otaboyeva.