Nastiya
Nastiya (Yunoncha nastos — zich, tarang) — o’simlik barglari, gulbarglari va boshqa qismlarining tashqi omillar (yorug’lik, harorat va boshqalar) ta’sirida harakat qilishi. Nastiya hujayralarning notekis o’sishi yoki ulardagi taranglik holatining turlicha o’zgarishi natijasida sodir bo’ladi. Epinastiyada o’simlikning uchki qismi tez o’sadi (masalan, kurtak yoki g’uncha ochganda), giponastiyada esa pastki qismi tez o’sadi (masalan, gullash tugagandan keyin gul qoplamining tutashib ketishi). Ta’sir etadigan omillarga ko’ra, fotonastiya (yorug’lik ta’sirida), termonastiya (harorat o’zgarganda), niktinastiya (kun bilan tun almashganda), seysmonastiya (mexanik ta’sir yoki tebranish ta’sirida), xemonastiya (ba’zi moddalar ta’sirida) farq qilinadi. O’simliklarning hasharotlar yordamida chetdan changlanishida, gulni noqulay sharoitdan qimoya qilishda va boshqa hollarda Nastiyaning ahamiyati katta.