Naumov Sergey Nikolayevich
Naumov Sergey Nikolayevich (1874.6.7, Kaluga — 1933.11.12, Toshkent) — kimyogar. Turkiston universiteti professor (1920 yildan). 1920-24 yilda shu universitet tibbiyot bo’limi dekani, laboratoriya mudiri (1924-25), organik kimyo kafedrasi mudiri (1925 yildan). Naumovning naftenlar sohasidagi ilmiy tadqiqot ishlari katta ahamiyatga ega. Naumov tomonidan sintez qilingan 1,4-dimetilgeksametilen yangi modda sifatida tan olingan. U xinon va toluxinondibromidlar tuzilishini, xossalarini o’rganish sohasida chuqur izlanishlar olib bordi, 2,3-tsiklogeksandion 1,4-dikarbon efirining tuzilishini topdi. Mazkur modda hosilalaridan xinoksalin, monooksim, dioksim, monogridrazon, bipirazolon, ozazon va boshqalrni sintez qildi. Uning ilmiy kuzatishlari natijalari o’laroq izomerlanish reaktsiyalariga ancha aniqlik kiritildi, turli efir moddalari sintezi amalga oshirildi. Naumovning O’rta Osiyo tog’larida uchraydigan tabiiy selitrani sintez sohasida qo’llash borasidagi ishlari amaliy ahamiyat kasb etadi. O’zbekistonda kimyo fanining rivojlanishi, milliy kadrlar tayyorlash, yangi yo’nalishdagi ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlarning yo’lga qo’yilishida Naumovning xizmatlari katta. Uning shogirdlari orasida Syu.Yunusov, O.S. Sodiqov, h.Rustamov, K.S. Ahmedov kabi mashhur kimyogarlar bor. O’zMUning kimyo fakulteti professor S.N.Naumov nomi bilan ataladi.