Navbahor bentonit gil koni

Navbahor bentonit gil koni — Navoiy viloyati Navbahor tumanida, Janubiy Nurota tizmasining Janubiy-g’arbiy yon bag’rida. Qalqonota qishlog’idan 12 kilometr shimolda joylashgan. Kon 1998 yilda A. U. Mirzayev va X. Chiniqulovlar tomonidan ochilgan va razvedka qilingan. Tasdiqlangan zaxirasi 7142,6 ming tonna. Bentonit gillarining sanoatbop gorizontlari Eosen kesmasida joylashgan va subkenglik bo’ylab 3 kilometr masofaga cho’zilgan asimmetrik sinklinal burmaning qanotlarini tashkil etadi. Konda gilning 3 turi: ishqoriy va ishkoriy-yer bentonitlari hamda karbonatli poligorskitlar mavjud. Ularning umumiy qalinligi 7-13 metr. Ishqoriy bentonitlar kulrang, yashilroq kulrang, yog’simon. Suvda sekin, ammo kuchli shishadi. Mineral tarkibi, asosan, montmorillonitdan iborat. Gilda qo’shimcha sifatida gidroslyuda, kvars va temir gidroksidlari uchraydi. Ishqoriy-yer bentonitlari och kulrang, yog’simon. Suvda yupqa plastinkalarga tez ajraladi, lekin, kam shishadi. Jins hosil qiluvchi minerallari Montmorillonit va gidroslyudadan iborat. Qo’shimchalar sifatida paligorskit, kvars va temir gidroksidlari uchraydi. Karbonatli paligorskit gillari och kulrang, deyarli oq. Chig’anoqsimon sinishga ega, suvda parchalanmaydi. Paligorskitmontmorillonitkaltsitli polimineral tarkibiga ega. Bentonitlar neft va gaz konlarini qidirish va razvedka qilishdagi burg’ilash ishlarida engil yuvuvchi suyuqlik sifatida, paligorskit gillari esa tuz va issiqlik agressiyasiga chidamli suyuqliklar tayyorlashda ishlatilmoqda. Bir tonna bentonit gilidan 12-14 m3 yuvuvchi suyuqlik tayyorlash mumkin. Paxta yog’i, vino va meva sharbatlarini tozalashda adsorbent sifatida foydalanilmoqda. Ishqoriy bentonitlarni sovun, lok-bo’yoq, keramzit, dori preparatlari va kosmetika vositalari ishlab chiqarishda, ichimlik suvi, texnik va sanoat oqova suvlarini tozalashda ishlatish mumkin. Navbahor bentonit gil koni qulay iqtisodiy- geografik sharoitga ega. Gil ochiq usulda qazib olinmoqda.