«Navoiyazot» aktsiyadorlik jamiyati
«Navoiyazot» aktsiyadorlik jamiyati — O’zbekistondagi yirik kimyo sanoati korxonasi. «O’zkimyosanoat» davlat-aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibida. Navoiy shahrida joylashgan. Korxonada ishlab chiqariladigan asosiy mahsulot turlari: mineral o’g’itlar, nitron tolasi, sirka kislotasi, tiomochevina, xlor va xlor mahsulotlari, kaustik soda. Bundan tashqari, 70 dan ortiq turdagi mahsulotlar, organik va noorganik kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqariladi. Mineral o’g’itlar, turli xil organik sintez mahsulotlari va akril tolasi (nitron) ishlab chiqarish maqsadlarida tabiiy gazni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona sifatida qurilgan. Tabiiy gaz, havo, kaustik soda, osh tuzi va boshqa asosiy ishlab chiqarish uchun xom ashyo bo’lib xizmat qiladi. Zavod 1964 yilda Navoiy kimyo kombinati nomi bilan ishga tushirildi. Shu yili kuchsiz azot kislotasi ishlab chiqarish bo’yicha korxonada 1-agregat foydalanishga topshirildi. 1965 yildan ammiak korxona to’liq hajmda ishlashga o’tdi. Xom ashyodan kompleks foydalanish natijasida korxonada nitron — «sun’iy jun» tolasi ishlab chiqaruvchi zavod qurilib, 1971 yilda ilk mahsulot olindi. Shundan beri to’qimachilik, yengil va boshqa sanoat uchun o’ta muhim hisoblangan «sun’iy jun» ishlab chiqariladi. 1965— 75 yillarda ammiak va mineral o’g’itlar ishlab chiqarishning 1-2—3-navbatlari ishga tushirildi. 2001 yilda Germaniyaning «Lurgi Xemnis Gmbx» firmasining ishtirokida qurilgan va eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan xlor, o’yuvchi soda, xlor kislotasi va natriy gipo-xlorit ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi. Birlashmada xlorni qayta ishlab polivinilxloridga aylantirgan holda kaustik soda ishlab chiqarish bo’yicha 2-navbat tsexini qurish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. «Navoiyazot» aktsiyadorlik jamiyati mahsulotlari Rossiya, Eron, Tojikiston, Ukraina, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Qozog’iston, Qirg’iziston, AQSh, Bolgariya davlatlariga eksport qilinadi. Navoiy kimyo kombinati 1975 yilda «Navoiyazot» ishlab chiqarish birlashmasiga, 2002 yilda «Navoiyazot» ochiq aktsiyadorlik jamiyatiga aylantirildi. Korxonada 11 mingga yaqin muhandis-texnik xodimlar va ishchilar mehnat qiladi (2003). Rixsivoy Yoqubov.