Nax-Dog’iston tillari
Nax-Dog’iston tillari — Kavkaz (Iberi-Kavkaz) tillarining bir tarmog’i. Checheniston, Ingushiya, Dog’iston respublikalarida, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiyaning ayrim hududlarida tarqalgan 29 ta tilni o’z ichiga oladi. So’zlashuvchilarning umumiy soni 2,5 million kishiga yetadi. Nax-Dog’iston tillari o’z navbatida 5 yoki 6 guruhga bo’linadi. Ularning asosiylari: nax tillari (chechen, ingush, Batsbi), avar-and tillari (avar, Botlix, godoberi, axvax, Karatay, tinda chamali, and), lak-darg’in tillari (lak, darg’in), tsez tillari (tsez, bejtin, gunzib, xvarshin), lazgin tillari (lazgin, tabasaran, agul, rutul, tsaxur, archin, udin, xinalug). Fonetikasi unlilar tizimining mo’tadil rivojlanishi (3-10) va undoshlar tizimining murakkabligi (35-40) bilan ajralib turadi. Ayrim tillarda unlilar miqdori 15-20 tagacha yetadi. Unlilar cho’ziqlik bo’yicha farqlanmaydi. Bir qator tillarda burun, bo’g’iz va umlautli unlilar mavjud. Morfologiyasi agglyutinativ xususiyatga ega. Affiksatsiya, o’zaklar takrori asosiy Grammatik vositalardan hisoblanadi. Suffiksal so’z yasalishi prefiksal usulga qaraganda keng qo’llanadi. Ot va fe’l morfologiyasi rivojlangan. Kelishiklar miqdori ancha ko’p. Sintaksisi va undagi sintaktik holatlar turkiy tillardagiga ancha yaqin. Ushbu tillarning lug’at tarkibi, asosan, ularda qadimdan qo’llanib kelgan so’zlar va ulardan yasalgan leksemalardan iborat. Ularda turkiy, Arab, fors tillaridan o’zlashgan, rus tilidan kirib kelgan so’zlar ham anchagina. Nax-Dog’iston tillaridan chechen, ingush, avar, lak, darg’in, lazgin, tabasaran tillari 1921 yilgacha Arab grafikasi asosidagi, 1921— 38 yillarda lotin grafikasi asosidagi yozuvga ega bo’lgan; 1938 yildan esa rus grafikasi asosidagi yozuvdan foydalanib kelinmoqda. Bu guruhdagi boshqa tillar o’z yozuvlariga ega emas.