Nefrotik sindrom
Nefrotik sindrom, nefroz-proteinuriya, gipoproteinemiya (asosan, gipoalbuminemiya), shish, giper-lipemiya va gipovolemiya bilan ta’riflanadigan simptomlar majmui. Nefrotik sindrom buyrakning birlamchi (glomerulonefrit, buyrak amiloidozi, homiladorlik nefropatiyasi, kollagenli Nefropatiya) va ikkilamchi (qandli diabet, qon kasalliklari, xavfli o’smalar, allergiya, zaxm va boshqalar) kasalliklarida yuzaga keladi. Bu sindrom asosida organizm immun reaktivligining buzilishi yotadi, bunda buyrak koptokcha tomirchalari devori shikastlanadi, natijada oqsil yo’qotiladi, uning qon zardobidagi miqdori kamayadi, bu, o’z navbatida, qon plazmasi onkotik bosimini kamaytiradi, pirovardida suyuqlik qondan to’qimalarga o’tadi va shish paydo bo’ladi. Nefrotik sindrom alohida yoki gematuriya va gipertoniya bilan birga uchrashi mumkin. Shu bilan birga to’liq va to’liq bo’lmagan (shishsiz), sekin-asta (bir necha oy) va residiv ko’rinishida kechadigan, «gormon sezgir» va «gormon rezistent» Nefrotik sindrom turlari tafovut qilinadi. Nefrotik sindromning tug’ma turi ham mavjud. Kasallik Auto-somresissiv yo’l bilan o’tadi, tez rivojlanadi va ko’p hollarda buyrak yetishmovchiligi rivojlanishi natijasida o’lim bilan tugaydi. Nefrotik sindromni davolash uni keltirib chiqargan sabablari va turiga qarab belgilanadi. Nefrotik sindrom o’z vaqgida aniqlanib, to’g’ri davolanmasa surunkali buyrak yetishmovchiligi paydo bo’lishi mumkin.