Neft kimyosi sanoati
Neft kimyosi sanoati — og’ir sanoatning neft va tabiiy yonuvchi gazlarni kayta ishlash mahsulotlaridan, asosan, sun’iy materiallar hamda buyumlar ishlab chiqaradigan tarmog’i. Neft kimyosi sanoati korxonalarida sun’iy kauchuk, asosiy organik sintez mahsulotlari (etilen, Propilen, polietilen, sirt-aktiv moddalar, benzol, butadien, yuvish vositalari, ba’zi mineral o’g’itlar), qorakuya, rezina buyumlar (Avto-pokrishkalar, rezina-texnika buyumlari va keng xalq iste’moli mollari), asbest-texnika buyumlari ishlab chiqariladi. Neftni qayta ishlashning kreking va piroliz kabi yangi usullari joriy etilishi Neft kimyosi sanoatining vujudga kelishiga zamin yaratdi. AQShda kreking gazidan izopiril spirt (1918), alifatik kimyoviy mahsulotlar (1920), vinilxlorid va boshqalar ishlab chiqarish o’zlashtirildi. O’zbekistonda Toshkent rezina-texnika zavodida (1944), Angren rezina-texnika aktsiyadorlik jamiyatida (1975) sintetik va tabiiy kauchuk, texnik ugleroddan rezina mahsulotlari, avtomobil shinalari, shamollatish shlemlari, kalish va boshqa mahsulotlar, Sho’rtan gaz-kimyo majmuasidan tabiiy gazdan polietilen plyonkalari ishlab chiqariladi. Neft kimyosi sanoatining taraqqiyoti neftni qayta ishlash miqyosining kengayishi va takomillashishi bilan bevosita bog’liq. Abdurahim Ortiqov.