Negrul Aleksandr Mixaylovich
Negrul Aleksandr Mixaylovich (1900.25.12, Poltava — 1971.25.7, Moskva) — uzum genetikasi va selektsiya- si sohasidagi olim, qishloq xo’jalik fanlari doktori (1938), professor (1940). RSFSRda xizmat ko’rsatgan fan arbobi (1965). Odessa qishloq xo’jalik institutini tugatgan (1925). 1926-44 yillarda Odessa vinochilik stansiyasida, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutida (Tbilisi shahri), Butunittifoq o’simlikshunoslik institutida (Sankt-Peterburg shahri) uzum selektsiyasi bo’limi boshlig’i. 1944 yildan Moskva qishloq xo’jaligi akademiyasi vinochilik va subtropik ekinlar kafedrasi mudiri. Negrul tokning genealogik tasnifini tuzdi. O’rta Osiyoda xo’raki uzumchilikni rivojlantirishga katta hissa qo’shdi, tokning 16 yangi navini yaratdi (M. S. Juravel bilan hamkorlikda). Bu navlar O’zbekistonda va qo’shni davlatlarda katta maydonlarga ekiladi (go’zal qora, VIR muskati, Jo’rauzum, ertagi VIR, Tarnoe, O’zbekiston muskati, oktyabrsiy, Pobeda va boshqalar). VASXNIL uzumchilik sektsiyasining raisi, Italiya uzumchilik va vinochilik akademiyasining muxbir a’zosi bo’lgan.