Nerv regulyatsiya
Nerv regulyatsiya — nerv sistemasining hujayra, to’qima, a’zolarga ular faoliyatini organizm ehtiyoji hamda tashqi muhit o’zgarishiga muvofiq holda uyg’unlashtiruvchi ta’siri. Ko’p hujayrali organizmlar o’z hayotiy jarayonlari (o’sish, rivojlanish, tashqi omillardan ta’sirlanish va hokazolar)da bir butunligini namoyon etadi. Buni bir nechta boshqaruvchi mexanizmlar, ayniqsa, qayvonlarda muhim ahamiyatga ega bo’lgan Nerv regulyatsiya ta’minlaydi. Nerv regulyatsiya natijasida hujayra, a’zolar faoliyati to’xtashi, kuchayishi, sekinlashishi. funktsional va biokimyoviy holati, tuzilish xususiyatlari o’zgarishi mumkin. Nerv sistemasi yo’q ko’p hujayralilar (o’simlik, hayvon embrioni va bulutlar)da funktsiyalar hujayralarning o’zaro ta’siri (ionli, metabolitik va boshqalar) orqali tartibga solinadi. Bir hujayra faoliyati boshqa hujayrada hosil bo’lgan moddalar almashinuvi mahsuloti bilan boshqariladi. Biron-bir hujayra membranasida vujudga kelgan qo’zg’alish ba’zan hujayradan hujayraga o’tishi mumkin. Shu tariqa hayvonlarning evolyusiya jarayonida, asosan, 2 xil uyg’unlashtiruvchi mexanizm — Nerv regulyatsiya va gormonal regulyatsiya paydo bo’lgan. Shunga ko’ra, 2 xil modda — gormonlar va mediatorlar ajratiladi. Gormon butun organizmga qon bilan tarqalgani sababli gormonal regulyatsiya keng doirada sekin, Nerv regulyatsiya esa tor doirada tez amalga oshirilishi mumkin. Nerv regulyatsiya tez tarqaluvchi nerv impulsi ta’sirida nerv uchida hujayralarga to’g’ridan-to’g’ri mediatorlar o’tishi tufayli sodir bo’ladi. Nerv regulyatsiya bilan gormonal regulyatsiya o’rtasida keskin chegara yo’q, chunki ba’zi nerv uchi aktiv moddalarni qonga ajratadi. Nerv regulyatsiya tezligi va qanday doirada o’tishi harakatni boshqarishda katta ahamiyatga ega, shuning uchun takomillashgan lokomosiyali organizmlar nerv sistemasi yaxshi rivojlangan. Evolyutsiya jarayonida Nerv regulyatsiya yuqori darajada tuzilgan hayvonlarda yetakchi boshqarish mexanizmiga aylanib, faqat harakatlanishni emas, balki organizmning boshqa hamma sistemalarini ham qamrab olgan.