Nizak Tarxon
Nizak Tarxon, Abul Xayyoj (? -706) — Ko’histondagi Bodxiz shahrining merosiy hokimi (7-asr o’rtasi). Balxdagi Navbahor ibodatxonasining bosh kohini Barmakni o’ldirgach (652), Balx va Toxaristonning amaldagi hokimi. Mahalliy hokimlarning Arab bosqinchilariga qarshi kurashiga rahbarlik qilgan. Balxdan Janubdagi Dara-i gaz vodiysidagi tog’ tepasida qurilgan tosh qal’a (barbar yoxud farazdaz) Nizak Tarxon tomonidan arablarga qarshi mudofaa maqsadida bunyod etilgan. 701 yil Nizak Tarxon Sug’d podshosi Tarxunning chaqirig’iga ko’ra, Termizga, Xalifalikdan ajralib chiqqan sobit ibn Qutba va Muso ibn Abdullohga yordam berish uchun kelgan. 706 yil Qutayba ibn muslim bilan sulh bitimi imzolagach, arablarning Movarounnahr shaharlariga qilgan harbiy yurishlarida qatnashgan. Biroq arablarning muvaffaqiyatlaridan xavfsirab, ularga qarshi kurashga otlangan. Nizak Tarxon Balx sipohbadi, Marvarud shohi Bazam, Toliqon shohi Saxrek (Suxrob ?), Foryob shohi Tursul va Juzjon shohi al-Juzjoniyga noma yo’llab, ularni kurashga da’vat etgan va roziligini olgan. Xulm yo’lagi (tor dara)da bo’lgan jangda Qutayba g’olib chiqqach, Nizak Tarxon Bag’lon yaqinidagi Fanj joh bulog’i bo’yiga chekingan. Qutayba unga qarshi ukasi Abdurahmonni ilg’or qilib jo’natgan, Nizak Tarxon tog’dagi al-Kurza qal’asiga joylashib mustahkam istehkom barpo etgan. Qal’aga faqat birgina tor so’qmoq yo’l orqali chiqilgan. Qutayba qal’ani 2 oy qamal qilgan. Qal’adagilarning oziq- ovqat zaxirasi tugagan, kishilar orasida chechak kasali tarqalgan. Qutayba Nizak Tarxon oldiga elchisini yuborib unga omonlik, daxlsizlik berish haqida yolg’on va’da qilgan. Bunga ishongan Nizak Tarxon qal’adan chiqib kelganda uni hibsga olgan va 700 ta safdoshi bilan qatl ettirgan. Ad.: Istoriya at-Tabariy, T., 1987; Kamal iddinov Sh. S, Istoricheskaya Geo- grafiya Yujnogo Sogda i Toxaristana po arabo-yazichnim istochnikam IX — nachala XIII vv., T., 1996.