Noin-ula

Noin-ula — hun zodagonlari qabristoni (miloddan avvalgi 1-asr — milodiy 1-asr boshi). Shimoliy Mo’g’ulistondagi Noin-ula tog’ida (Ulan Batordan 130 kilometr shimolda) joylashgan. 1924-25 yillarda arxeolog P. K. Kozlov, keyinchalik MXR Fanlar komiteti tomonidan qazishma ishlari olib borilgan. Qabristonda 200 dan ortiq kvadrat shakldagi katta mozorqo’rg’onlar (balandligi 2 metrgacha) bor. Mozorqo’rg’onlardan hunlar davri madaniyatini aks ettiruvchi boy topilmalar chiqqan. Bu davrda hun zodagonlari Xitoydagi Xan sulolasi bilan yaqin madaniy va qarindoshlik aloqalarida bo’lganlar. Mozorqo’rg’onlardagi qabrlar xodalardan ishlangan. Qabrlardan hunlarga tegishli qurol-yarog’, ro’zg’or ashyolari, kiyim-kechak, san’at buyumlari bilan birga xitoyliklarga oid ko’plab jez, nefrit, usti loklangan yog’och buyumlar va katta miqdorda ipak matolar topilgan. Noin-uladan chiqqan yuksak badiiy qimmatga ega bo’lgan jun matolar, ayniqsa, diqqatga sazovor; ular Baqtriya, Parfiya, kichik Osiyodan keltirilgan bo’lib, Sharq bilan G’arb o’rtasida bu davrda Buyuk ipak yo’li orqali olib borilgan qizg’in savdo aloqalari natijasida hunlarda paydo bo’lgan.