Non sindirish
Non sindirish — nikoh to’yi marosimlaridan. O’rta Osiyo xalqlari, jumladan, o’zbeklar o’rtasida keng tarqalgan. Non sindirish otaning sovchi yuborgan oilaga qizini uzatishga rozi ekanligi, va’daning qat’iy va muqaddasligini, shuningdek, kuyov-kelin, quda oilalar ahil bo’lishiga bildirilgan istakni ifodalaydi. Non sindirish odati ayrim mahalliy tafovutlarga ega. Chunonchi, Farg’ona vodiysidagi o’zbeklarda Non sindirish qizning otasi rozi bo’lgach, bajariladi: sovchilar keltirgan dasturxon ochilib, noni sindiriladi, so’ng to’y masalalari aniklanadi. Ilgari Surxondaryo vodiysida Non sindirish qalin miqdorini belgilashdan so’ng o’tkazilgan — non teng ikkiga bo’linib, kelin va kuyovning qarindoshlariga taqsimlangan. Non sindirishning qay darajada o’tkazilishi kuyov va kelin tomonning iqtisodiy ahvoliga bog’liq bo’lgan. Ilgari Non sindirish bilan fotiha to’yi alohida marosim tarzida uyushtirilgan bo’lsa, keyingi yillarda Non sindirish ixchamlashtirilib, qo’shilib ham o’tkazilmoqda. Non sindirishda unashtirilgan qiz yigit tomoniga va yigit esa qizning yaqin qarindosh-urug’lariga hurmat yuzasidan ko’rinmaslikka harakat qiladi.