Norinjon bobo majmuasi
Norinjon bobo majmuasi — Qoraqalpog’iston (Ellikqal’a tumani) dagi me’moriy yodgorlik (10-18-asrlar). Majmua qadimgi qal’a o’rnidagi qabriston markazi — Norinjon bobo maqbarasi atrofida turli davrlarda ziyoratxona, Sharqiy maqbara (14-asr), xonaqoh ayvon, Qalandarxona (18-asr) va boshqa qo’shimcha xonalar qurib barpo etilgan. Norinjon bobo haqidagi aniq ma’lumotlar saqlanmagan. Maqbaradagi qabrtoshga «bu oqil, Obid, Alloh yo’lida doimiy ro’zador, Alloh karomatini yerda paydo etuvchi, Muhammad ibn Muso ibn Dovud Abu Abdulloh an- Norinjoniy qabridur. Allohning unga va uning do’stlariga rahmati bo’lsin, hijriy 712 yil vafot etgan»— deb yozilgan.Undagi girih naqshlar Termiziy maqbarasidagi qabrtoshga o’xshashdir. Dastlab murabba tarqli peshtoqsiz maqbara qurilgan (10-asr), ziyoratxona va uning yonidagi go’rxona (14-asr) tomlari gumbazli qilib birlashtirilib oldiga peshtoq va chillaxona ishlangan. Sharqdan xonaqoh va ayvon bunyod etilib maqbaraning Sharqiy eshigi o’rniga mehrob qurilgan. Peshtoqining Sharqiy burchagida kichik minora, yonida Qalandarxona qurilgan. 1981-83 yillarda ilmiy o’rganilgan. Mustaqillikdan keyin qayta tiklandi.