Noto’qima materiallar
Noto’qima materiallar — yigirish va to’quvchilik usullarini qo’llamagan holda tolalar yoki iplarni turli yo’llar bilan biriktirib olinadigan matolar va boshqa to’qimachilik mahsulotlari; to’qimachilik mahsulotlarining asosiy turlaridan biri. Noto’qima materiallar olishning Fizikaviy-kimyoviy va mexanik usullari bor. Fizikaviy-kimyoviy usulda tolalar yoki iplar yopishtiruvchi moddalar (masalan, yelimlar) bilan biriktiriladi, qizdirib presslanadi, qog’oz olish mashinalaridan foydalaniladi. Filerli usulda yigiruv mashinasi fileri (teshik-teshik moslamasi)dan chiqayotgan sintetik tolalar maxsus kanallar orqali o’tib, havo yordamida cho’ziladi, keyin harakatlanib turgan transportyorda matoga aylanadi. Bunda ham yopishqoq moddadan foydalanish mumkin. Bulardan boshqa usullar ham bor. Mexanik usulda matolar xolst (dag’al tolalardan to’qiladigan mato) tikish, iplarni tikib biriktirish, jun tolalarni namatga o’xshab bosish va boshqa yo’llar bilan olinadi. Noto’qima materiallardan tayyorlanadigan mahsulotlar: gilamlar, adyollar, popukli sochiqlar, sun’iy charm, linoleum, kleyonka tayyorlanadigan matolar, filtr materiallar, texnik movut, issiqlik-tovush izolyatsiyasi materiallari va boshqalar.