Nur kasalligi
Nur kasalligi — ionlovchi nurlarning organizmga ta’sir etishida yuzaga keladigan kasallik. Nur kasalligi butun gavda yoki uning kattagina qismi tashqaridan nurlanganda, shuningdek, organizmga nafas, me’da — ichak yo’li va teri orqali radioaktiv moddalar kirishi natijasida u ichkaridan nurlanganda, aksariyat nurlanish normal miqdordan ortganda ro’y beradi. Ionlovchi nurlarning qisqa vaqt (bir necha minut, soat) ta’sir etishi natijasida paydo bo’ladigan o’tkir va kamroq dozadagi nur uzok, vaqt (bir necha oy va yillar) ta’sir etganda yuzaga keladigan surunkali Nur kasalligi farq qilinadi. Bunda, asosan, qon yaratuvchi a’zolar, nerv sistemasi, me’da-ichak yo’li va boshqa a’zolar zararlanadi. Ionlovchi nurlar ishlatilganda maxsus himoya materiallar va kimyoviy preparatlar qo’llangani uchun nur kasalligi, asosan, yadro quroli portlaganda yoki yadro reaktori va radioizotop apparatlar avariyasi natijasida vujudga keladi. Organizmning shikastlanish darajasi (yengil, o’rtacha, og’ir va juda og’ir), asosan, nur dozasiga, shuningdek, organizmning nurni individual sezuvchanligiga bog’liq. Nur kasalligining o’tkir, o’rtacha o’tkir va surunkali xili farq qilinadi. Qisqa vaqt ichida katta dozada nur ta’sir etganda, masalan, atom va termoyadro qurollari portlaganda o’tkir Nur kasalligi kuzatiladi. Odatda, kamroq dozadagi nur uzoq ta’sir etganda o’rtacha o’tkir va surunkali Nur kasalligi ro’y beradi. Kasallikning bir shakllari organizmga radiatsiya ta’sir etgach, oylar va yillar o’tgandan keyin paydo bo’lishi bilan o’tkir Nur kasalligidan farq qiladi.