Nuraliyev Oltinbek Nuraliyevich
Nuraliyev Oltinbek Nuraliyevich (1912.28.4, Qozog’iston Respublikasi Qizilo’rda viloyati Tumanariq qishlog’i — 2002.19.8, Toshkent) — paxtani qayta ishlash sohasidagi olim, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan fan va texnika arbobi (1972). Toshkent to’qimachilik institutini tugatgan (1938). Samarqand va Xorazm viloyatidagi paxta tayyorlash trestlarida bosh muhandis (1938-45), O’zbekiston engil sanoat vazirligi paxta bosh boshqarmasi boshlig’i (1945— 46), SSSR yengil sanoat vazirligi paxta tozalash sanoati Markaziy ilmiy tadqiqot instituti direktori (1946-74), laboratoriya mudiri va katta ilmiy xodim (1974-94), ayni paytda O’zbekiston paxtachilik vaziri o’rinbosari (1953— 54), «Xlopkovaya promishlennost» («paxta sanoati») jurnal bosh muharriri (1954-74). Nuraliyevning ilmiy asarlari va ixtirolari paxtani, ayniqsa, mashina terimi paxtasini qayta ishlashning yangi texnika va ilg’or texnologiyasini yaratish (Nuraliyev paxta quritgichi, parrakli quritgich, OVP va ZOVP tola tozalagichlar, panjarali arrali CHX-3 paxta tozalagich va boshqalar), paxta tozalash sanoati uchun yangi texnika va texnologiyani joriy etish masalalariga bag’ishlangan. «Shuhrat» medali bilan mukofotlangan (1994).