Nuraliyev O’rinboy
Nuraliyev O’rinboy (1942.25.9, Namangan viloyati Beshkapa qishlog’i) — aktyor, xonanda, rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1991). Andijon pedagogika instituti (1970), Toshkent teatr va rassomlik san’at institutini (1979) tugatgan. Namangan teatrida (1958-60, 1977— 91), Andijon teatrida (1961-77) aktyor. 1991-92 yillar Namangan teatri, 1992 yildan madaniyat boshqarmasiga qarashli Xalq ijodi uyi (Namangan) direktori. Nuraliyev Farhod, Majnun (Xurshid, «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun»), Xaydar (K. Yashin, «Nurxon»), Navoiy (Uyg’un, I. Sulton, «Navoiy»), Ibn Sino, Umar Xayyom (A. Shalomaev, «Ibn Sino», «Umar Xayyom»), Zokirxo’ja (T. Malik, «so’nggi o’q») kabi milliy dramaturgiya asarlarida yaratgan obrazlari bilan o’zbek teatri tarixidan munosib o’rin oldi. Uning ijodi kuchli dramatizmi, sahna harakatlarining aniqligi, obrazlaridagi ko’tarinkilik, jo’shqinlik, soddalik, olijanobligi bilan ajralib turadi. Nuraliyev xonanda sifatida «Onaginam», «so’ramaysiz», «Siz yaxshi odamlar», «ko’cha bog’i-2», «Bayot-2», «Quyosh» kabi qo’shiklari bilan tanilgan. Rejissyor sifatida «Chimildiq» (E. Xushvaqtov) kabi spektakllarni sahnalashtirgan.