Nuriddin g’ori
Nuriddin g’ori — Zarafshon tizmasi suvayirg’ich qismiga yaqin joy (Tojikistonning Sug’d viloyati Panjakent tumani)dagi g’or. 2500 metr balandlikda. Silur davriga mansub ohaktoshlarda hosil bo’lgan. Og’zi shimoli-Sharq tomonga ochilgan, eni 2,5 metr, balandligi 4 metr. G’orga 5 metr kirilgandan so’ng uning sahni 40 metrgacha pasaya borib, shipi esa ko’tariladi va 15 metr balandlikda g’or torayib yer yuzasiga tirqish shaklida ochiladi. G’or sahnida qalinligi 0,3 metrgacha bo’lgan g’or gillari, uning shipi va devorlarida kalta stalaktitlar va kaltsit mineralidan tashkil topgan qoplama (qalinligi 1-3 santimetr) hosilalar uchraydi. Nuriddin g’ori O’rta Osiyo sharoiti uchun juda noyob hisoblanadi. Chunki, uning ichida yil bo’yi muz va qor qoplami saqlanadi. Qor g’orning shipidagi teshikdan tushadi. Qor suvlari erib, muzga aylanadi. Qorning qalinligi, teshik ostida 5 metrgacha, qor ostidagi muzning qalinligi 0,5 metrdan ziyod. G’orning umumiy uzunligi 49 metr, maydoni 125 m2, hajmi 1000 m3 dan ziyod.