Nurmonov Ibrohim
Nurmonov Ibrohim (1936.29.12, Samarqand viloyati) — aktyor, rejissyor. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1991). Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati institutining aktyorlik bo’limini (1965) va rejissyorlik bo’limini (1982) tugatgan. 1965 yildan Kattaqo’rgon teatrida ishlaydi (1982-85 yillar teatr direktori va badiiy rahbari, 2000 yildan bosh rejissyor). Komilov (I. Sulton, «Imon»), Sorrini (M. Lermontov, «Ispanlar»), Niyoz (I. Sulton, «noma’lum kishi»), Navoiy (I. Maxsumov, «Navoiy Astro- bodda»), Husniddin (Ya. Xudoyqulov, «Sud») kabi obrazlar yaratdi. U o’z qahramonlarini romantik his-tuyg’ular va falsafiy mazmun bilan chuqur ochishga intiladi. Nurmonov sahnalashtirgan «Oltin devor» (E. Vohidov), «mehribonlar» (J. Asomiddinov), «Tobutdan tovush» (A. Qahhor), «Zebunniso» (Uyg’un), «Makr va muhabbat» (F. Shiller), «o’zing uchun o’l yetim» (O’. Umarbekov), «Armon» (Ya. Xudoyqulov) kabi spektakllarda ijrochilar ansamblining yaxlitligi ta’minlangan.