Nurmuhamedov Badal
Nurmuhamedov Badal (1913.13.2 -Toshkent — 1991.21.6) — aktyor, rejissyor. O’zbekiston xalq artisti (1990). Toshkentdagi ishchiyoshlar teatr texnikumini (1935), «O’zbekfilm» qoshidagi kinoaktyor, kinorejissyor, kinooperator tayyorlov studiyasini (1938) tugatgan. 1938— 41 yillar Respublika qo’g’irchoq teatrida rejissyor, aktyor, 1941-48 yillar Muqimiy teatrida, 1948-91 yillar yosh tomoshabinlar teatrida aktyor. Karl bobo («Buratino»), Davron («o’qituvchi»), Mo’min ota («Oq kema»), Oxunboboyev («ota yurtim oqsoqoli»), Qovoqvoy («Chippolino»), Mahkam ota («o’z uyingdasan»), Mahalla oqsoqrli («farzandim jig’arbandim») kabi rang-barang xarakterdagi kishilar obrazini yaratib, milliy teatr san’ati rivojiga munosib hissa qo’shdi. Sahnada ko’p gapirmasada, butun xatti- harakat, ko’z qarashlari, yuz ifodasi bilan qahramonning ichki dunyosini ochib bera olish, ishonarli talqin, samimiylik Nurmuhamedov ijodiga xos. Bir qancha filmlar (Nozim, «Tohir va Zuhra»; domla, «Alisher Navoiy» va boshqalar)da ham suratga tushgan. Televidenieda «Otalar so’zi — aqlning ko’zi» ko’rsatuvining doimiy (1978-91) boshlovchisi bo’lgan.