Nutq madaniyati
Nutq madaniyati, nutq odobi — 1) og’zaki va yozma adabiy til me’yorlari (talaffuz, urg’u, so’z qo’llash, grammatika, uslubshunoslik qoidalari)ni egallash, shuningdek, turli aloqa-aralashuv sharoitlarida tilning tasviriy vositalaridan nutqning maqsad va mazmuniga mos ravishda foydalanish mahorati; 2) tilshunoslikning tilni madaniyat quroli sifatida mukammallashtirish maqsadida me’yorlashtirish (tartibga solish) muammo larini o’rganuvchi bo’limi. G’arb tilshunosligida umumiy ma’noda «til madaniyati» termini ham qo’llanadi. 1-ma’nodagi «Nutq madaniyati» tushunchasi adabiy tilni o’zlashtirishdagi ikki bosqichni qamrab oladi: a) nutqning to’g’riligi va boshqa nutqiy mahorat. Nutqning to’g’riligi muayyan tilda so’zlovchilar va yozuvchilar tomonidan «ideal» yoki umum tomonidan qabul qilingan va an’anaviy saqlanib kelayotgan odatlar, ibrat va namunalar tarzida idrok etiladigan adabiy me’yorlarga amal qilishdir. Nutqiy mahorat esa nafaqat adabiy me’yorlarga amal qilish, balki o’zaro mavjud bo’lgan variantlardan mazmunan eng to’g’ri, eng aniq, uslub va vaziyat nuqtai nazaridan eng makbuli va ifodalisini tanlab olish mahoratidir (masalan, aka — oka — ako; kelyapti — kevotti — kelopti variantlaridan birining adabiy me’yor sifatida tanlanishi). Yuksak Nutq madaniyati kishining umumiy yuksak madaniyatini, fikrlash madaniyatini, tilga nisbatan ongli mehr-muhabbatini namoyon qiladi. Nutq madaniyati nazariyasining asosiy tushunchasi til me’yoridir. 2-ma’nodagi Nutq madaniyatining asosiy vazifasi ijtimoiy til amaliyotiga faol ta’sir ko’rsatish maqsadida (tilning barcha sathlarida) ob’yektiv til me’yorlarini ularning barqarorlashgan shakllarida, ziddiyatlarida, vujudga keluvchi tamoyillarida va boshqalarda o’rganishdir. Zamonaviy Nutq madaniyati nazariy va amaliy fan bo’lib, u til amaliyotiga ta’sir etish maqsadida adabiy til tarixi, grammatika, uslubshunoslik va boshqa tilshunoslik bulimlarining yutuqlari va xulosalarini umumlashtiradi. Nutq madaniyati nazariyasida adabiy til milliy tilning oliy shakli deb e’tirof etiladi; badiiy adabiyot tili o’zining eng yaxshi namunalari b-n xalqning madaniyat sohasidagi yutuqlari va an’analarini mustahkamlaydi va boyitadi. Nutq madaniyati ijtimoiy hodisa bo’lib, u jamiyat, fan va texnika, madaniy va adabiy hayot rivoji bilan chambarchas bog’liq holda taraqqiy etadi. Jamiyat a’zolarining madaniy saviyasi ortgan sari nutqi ham jilolanib, sayqallashib, Nutq madaniyati qoidalari va me’yorlariga muvofiq holda takomillashib boradi. Nutq madaniyatining shakllanishi va rivojlanishida adabiyot, san’at, radio, televidenie va davriy matbuotning alohida o’rni bor. Ayniqsa, adabiy tilni me’yorlashtirish va Nutq madaniyati nazariyasini rivojlantirishda leksikografiya, xususan, izohli, imlo, talaffuz, o’quv va boshqa maxsus lug’atlar muhim ahamiyatga ega. 15-asrdayoq o’zbek adabiy tilining Nutq madaniyati va uning o’ziga xos me’yorlari bo’lgan — Alisher Navoiy o’zining butun hayotiy va ijodiy faoliyati bilan o’z davri Nutq madaniyatiga, nutq odobiga mislsiz hissa qo’shgan bo’lsa, keyingi davrda yashagan Bobur, Muhammad Solih, Gulxaniy, Nodira, Ogahiy, Furqat, Muqimiy va boshqa shoirlarning asarlari tilida ham o’sha davr tili va Nutq madaniyati ma’lum darajada aks etgan. «Yaxshi so’z — jon ozig’i», «bug’doy noning bo’lmasa ham, bug’doy so’zing bo’lsin», «o’ynab gapirsang xam o’ylab gapir», «har neni emak — hayvonning ishi, har neni demak — no-donning ishi» kabi maqol va hikmatli so’zlarning paydo bo’lishi ham o’zbek xalqida Nutq madaniyatiga avvaldan e’tibor kuchli bo’lganidan darak beradi. O’tgan asrning 20-yillaridan so’ng o’zbek tilining Nutq madaniyati xalq tiliga yaqinlashtirilgan milliy adabiy til me’yorlariga asoslanadi. Bu me’yorlarni shakllantirish ishiga olimlar (Otajon Hoshim, T. N. Qori Niyoziy, S. Ibrohimov, olim Usmon va boshqalar), adibu shoirlar (Qodiriy, Cho’lpon, Avloniy, Fitrat, Oybek, G’afur G’ulom, Abdulla Qahhor va boshqalar) munosib hissa qushdilar. Abduvahob Madvaliyev, Yo’ldosh Solijonov.