Obliteratsiya

Obliteratsiya (lotincha obliteratio — tekislanmoq, bitib qolmoq) — 1) tibbiyotda — ichi kovak yoki naysimon a’zolar (masalan, ichki a’zo bo’shlig’i, chiqaruv kanali yo’li, qon yoki limfa tomirlari) teshigining bitib, berkilib qolishi. Bu, ko’pincha, yallig’lanish yoki o’smalar tufayli ro’y beradi, bunda organizm faoliyatiga putur yetadi. Tuxum yo’llarining to’liq Obliteratsiyasi bemorni bepushtlikka olib keladi. Shu bilan birga, ayrim kasalliklar, masalan, plevritda, plevra bo’shlig’ida Obliteratsiya vujudga kelishi bemorning sog’ayatganligidan dalolat beradi; qorin pardasi qin o’siqchasining Obliteratsiyasi rivojlanish me’yorida borayotganligini ko’rsatadi; 2) botanikada — o’simlik to’qimalari va hujayralarining puchayishi. Ba’zan hujayra ichidagi va hujayralararo bo’shliklarning bitib qolishiga olib keladi.