Odra, Oder
Odra, Oder (Chex va polyakcha Odra; nemischa Oder) — G’arbiy Yevropadagi daryo. Chexiyadagi Sharqiy Sudet tog’laridan boshlanadi, so’ngra Polsha hududidan oqadi. Odraga Nisa-Lujiska daryosi qo’shilgan joydan Grifino shahrigacha Polsha va Germaniya o’rtasida chegara vazifasini o’taydi. Boltiq dengizining Shchesin qo’ltig’iga quyiladi. Uzunligi 891 kilometr, havzasining maydoni 149 ming km2 ga yaqin. Nisa-Lujiska daryosi quyilgan joydan boshlab keng (eni 200 metrdan ziyod) va sersuv. Quyi qismida 2 tarmoqqa bo’lingan. Qor va yomg’irdan to’yinadi. Quyilish joyida suv sarfi o’rtacha 580 m3/sekund, maksimali 3000 m3/ sekund. Dengiz yiliga 16 km3 suv keltiradi. Bahorda sersuv. Qish sovuq kelgan yillari muzlaydi. Odraning quyilish joyidan Kozle shahrigacha yirik kemalar qatnaydi. Elba va Visla daryolari bilan kanallar orqali tutashgan. Odra bo’yida Ostrava, Opole, Vroslav, Shchesin, Frankfurt-Oder shahrilari joylashgan.