O’G’UZ TILLARI

O’G’UZ TILLARI — turkiy tillar oilasining o’g’uz guruhiga mansub bir qancha o’lik hamda hozirgi iste’molda bo’lgan jonli tillar. Umuman, O’g’uz tillari 3 ta alohida-alohida guruhchalarga bo’linadi: 1) o’g’uz-turkman guruhchasiga 10-11-asrlarda mavjud bo’lgan o’lik o’g’uz tili hamda hozirgi turkman tili va truxmen tili (Stavropol turkmanlarining tili) kiradi; 2) o’g’uzbulg’or guruhchasi qadimiy bijanaklar va ularning tili hamda hozirgi gagauz tili va Bolqondagi bir qancha turkiy urug’lar (surg’uch, gajal, qaramanli, qizilbosh va boshqalar) tilini o’z ichiga oladi; 3) o’g’uzsaljuq guruhchasi esa qadimiy Saljuq (11 —14-asrlar), eski Usmonli (14-19-asrlar) va eski ozarbayjon (14-19-asrlar) singari o’lik tillarni hamda hozirgi Ozarbayjon tili va turk tilini, shuningdek, qrim-tatar tilining Janub lahjasini qamrab oladi. Hozirgi O’g’uz tillari Orol-Kaspiy bo’ylaridan Bolqon yarim oroligacha bo’lgan ulkan hududda tarqalgan. O’g’uz tillari va ayrim tillarning o’g’uz lahjalarida so’zlashuvchilarning soni hozirgi kunda 77— 78 million kishidan ortiqroq (o’tgan asrning oxirlari). O’g’uz tillarining barchasi uchun xos bo’lgan til xususiyatlari, asosan, fonetika sohasida bo’lib, bunga so’z boshidagi t, k, q undoshlarining jaranglilashuvi (ko’z > gyoz, til > dil, kelmak > galmak), so’z boshidagi ba’zi undoshlarning tushib qolishi (bo’lmoq > o’lmak, ho’kiz > O’kuz), ba’zi affikslar boshidagi g, g’ undoshlarining tushib qolishi (kelgan > galan, olgan > Alan) va boshqalarni ko’rsatish mumkin. O’g’uz tillari boshqa guruhdagi turkiy tillardan, masalan, qipchoq tillaridan leksika sohasida ham ancha-muncha farqlanadi. O’g’uz tillarining barchasi 20-asrning 30-yillarigacha Arab grafikasi asosidagi yozuvdan foydalangan, 1928-29 yillardan lotin grafikasi asosidagi yozuvga o’tgan; SSSRda yashovchi Ozarbayjon va Turkmanlar 1940-92 yillarda rus grafikasidan foydalanib, keyin yana lotin grafikasi asosidagi yozuvni joriy etganlar. Bolqondagi ayrim mayda turkiy tillar yunon alifbosi asosidagi yozuvdan, Eron va Afg’onistonda yashovchilar esa Arab grafikasi asosidagi yozuvdan foydalanadilar.