«Ohangarontsement» aktsiyadorlik jamiyati
«Ohangarontsement» aktsiyadorlik jamiyati — qurilish materiallari ishlab chiqaradigan yirik korxona. «O’zqurilishmateriallari» aktsiyadorlik kompaniyasi tarkibida. Turli navli va markali tsement (yuqori sifatli portlandtsement, shlakportlandtsement), shifer, mineral tolalar, akustik plitalar, asbest quvurlar va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradi. Korxona 1957 yil aprel oyidagi hukumat qarori bilan 1958 yildan «Ohangaron tsement zavodi» nomi bilan qurila boshlagan. Yillik quvvati 450 ming tonna bo’lgan 1-texnologik liniya 1961 yil oxirida ishga tushirildi. 1967 yilda 4-texnologik liniya ham ishga tushirildi va korxonaning tsement bo’yicha yillik ishlab chiqarish quvvati 1750 ming tonna tsementga yetkazildi. 1963-65 yillarda shifer ishlab chiqaradigan 6 ta texnologik liniya ishga tushirildi (yillik quvvati 170 million shartli taxta). 1970 yildan kombinat, 1980 yildan «Ohangarontsement» ishlab chiqarish birlashmasi, 1994 yildan ochiq aktsiyadorlik jamiyati. 2000 yilda 750 ming tonna tsement, 630 ming tonna klinker, 36 ming tonna mineral mahsulotlar ishlab chiqarildi. Korxona mahsulotlari xorijga eksport qilinadi. Ad: Muratov M., Tsement Axangarana, T., 2001.