Ohorlash

Ohorlash (to’qimachilikda) — tanda ipiga maxsus modda (ohor) shimdirish. Ohor kraxmal kislotalar, ishqorlar, sovun, yog’lar, gliserin, antiseptik moddalar va boshqalardan tayyorlanadi. Asosan jun, paxta, lub tolalaridan iigirilgan ip ohorlanadi. Ancha pishiq, dag’al iplar ohorlanmaydi. O’zbekistonda ilgari ohor bug’doy unidan atala ko’rinishida tayyorlangan va lattada suzilgan. To’qish uchun do’konga solingan tanda parralari (tuklari) gula (to’qimachilik dastgohining bir qismi)ga va tig’tishlariga yopishib qolib, to’qishga xalaqit bergan, ip salga uzilavergan. Shu sababli, to’quvchi tandaga ohor purkab, ip parralarini yotqizib silliqlagan. Shu jarayon Ohorlash deb atalgan. Hozir Ohorlash maxsus ohorlash mashinalarida bajariladi. Buning uchun mashinaga bir necha tanda ipi joylanadi. So’ngra ip ohorli tog’oraga botiriladi. Ohor shimib olgan ip quritish barabanlari yoki quritish kamerasida quritiladi. Ohor ip sirtini silliqlaydi, uni pishiqlantiradi. Ohorlangan ipdan to’qilgan gazlama ko’rkam, pishiq chiqadi.